Oʻzbekiston va Belarus ishbilarmonlari hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Belarus ishbilarmonlari hamkorlikni kengaytirmoqda

Minsk, 29-iyul. OʻzA maxsus muxbiri Matnazar ELMURODOV xabar qiladi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi arafasida Minsk shahrida Oʻzbekiston – Belarus hududlararo forumi boshlandi. Unda ikki mamlakat hududlari vakillari qatorida parlamentlar aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ishbilarmonlar ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston – Belarus hamkorligini kengaytirishda muhim muloqot maydoni, deb baholanayotgan ushbu forumda yetakchi tarmoqlar va hududlar vakillarini bir davraga jamlash, shu tariqa qoʻshma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyotini kengaytirish, umuman, har bir manfaatli sohada oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Forumning dastlabki kuni sessiya yigʻilishlari shaklida oʻtdi.
Sanoat kooperatsiyasi masalalariga bagʻishlangan birinchi sessiyada qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika kabi sohalarda sheriklik aloqalarini kengaytirish xususida soʻz bordi.
Ikkinchi sessiya agrar sohaga bagʻishlandi. Unda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, oʻsimlikshunoslik, seleksiya, chorvachilik, veterinariya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Gumanitar, axborot-kommunikatsiya, ilm-fan sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda texnoparklarni takomillashtirishda tajriba almashish, hududlararo innovatsion hamkorlikni kengaytirish, turizm, taʼlimni raqamlashtirish kabi istiqbolli yoʻnalishlar haqida fikr almashildi.
Forum 30-iyul kuni oʻz ishini davom ettiradi.
Umuman, rasmiy tashrif arafasida hududlar va ishbilarmonlar doirasidagi hamkorlik faollashayotganini taʼkidlash joiz. Bugun Minskdagi “Bel-Ekspo” milliy koʻrgazmalar markazida Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasi ham ochildi.
Ushbu tadbir Belarusga Oʻzbekiston sanoati mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, ushbu mamlakat biznesi vakillarini yurtimizning eksport va sarmoyaviy salohiyati bilan keng tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib borayotganini, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanini taʼkidladi.
Belarus Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Vladimir Dvornik ushbu tadbir 2018-yili Toshkentda oʻtkazilgan Belarus milliy koʻrgazmasi doirasida boshlangan ishbilarmonlik muloqotining mantiqiy davomi ekanini qayd etdi.
Koʻrgazmada mamlakatimizning barcha hududlaridan mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish, tibbiyot va farmatsevtika, neft kimyosi, yengil sanoat, axborot texnologiyalari kabi sohalarga ixtisoslashgan 80 korxona mingdan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Oʻzbekistonning turizm borasidagi imkoniyatlari targʻibotiga keng oʻrin berilgan.
Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasi 2-avgustga qadar mehmonlarni qabul qiladi.

 

OʻzA

  30.07.2019, 07:48  |    111 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!