Shavkat Mirziyoyev: Kechagi uslub bilan bugungi rejani bajarib boʻlmaydi

Shavkat Mirziyoyev: Kechagi uslub bilan bugungi rejani bajarib boʻlmaydi

Samarqand tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari, sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.

Sizlar bilan yil boshida uchrashib, viloyatda amalga oshiriladigan loyihalar, bunyodkorlik ishlari, umuman, xalqimiz hayotini, turmush darajasini oshirish yuzasidan ulkan vazifalarni belgilab olgan edik, dedi davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida. Oʻtgan olti oy davomida bu vazifalar nechogʻli bajarilgani barchamizga yaxshi maʼlum. Ijobiy natijalar ham, yechimini kutayotgan masalalar ham salmoqli. Bugun Samarqandga kelib, yana sizlar bilan fikrlashib olish, belgilagan rejalarimizni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etishni shiddatkor davrning oʻzi taqozo etmoqda. Negaki, zamon shunchalik tez rivojlanyaptiki, bu borada yaqin va uzoq xorijiy davlatlar, hamkor mamlakatlar iqtisodiyotini tahlil etib, oʻzimizning yoʻlimizni tanlamasak, globallashuv jarayonlarida jahonda oʻz oʻrnimizga ega boʻlmasak oldimizga qoʻygan maqsadlarni amalga oshirish qiyin kechadi. Shu nuqtai nazardan, Samarqandga bu galgi tashrifimizdan asosiy maqsad viloyatda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik va qayta ishlashni kengaytirish borasidagi ishlarni jadallashtirishga, yangi reja va vazifalarni belgilab olishga qaratilgan.

Shavkat Mirziyoyev viloyatda sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda muayyan natijalarga erishilayotgan boʻlsa-da, Samarqandning iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirishda turizm sohasi asosiy yoʻnalish boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Afsuski, hali bundan toʻliq foydalanilmayotgani, ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi qayd etildi. Shu bilan birga, bogʻdorchilik, meva-sabzavot yetishtirishda ham erishilayotgan natijalar boshqa hududlarga qaraganda quvonarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Viloyatda aynan mana shu yoʻnalishga ixtisoslashgan tumanlar bor. Bu joylarda endi faqat mahsulot yetishtirib, uni xomashyo holida sotishdan koʻra, qayta ishlab, tayyor mahsulot eksport qiladigan korxonalarni koʻpaytirish, zamonaviy mini-texnologiyalardan foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda viloyatda meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga 400 million dollar, turizm infratuzilmasini takomillashtirishga 100 million dollar ajratilishi maʼlum qilindi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish borasidagi ishlarni jadallashtirish, bu borada oʻziga xos raqobat muhitini yaratish lozimligiga eʼtibor qaratdi. Shu maqsadda tajriba tariqasida Kattaqoʻrgʻon tumani va shahri hamda Urgut tumani oʻzaro musobaqalashishini taʼkidladi. Va bu Samarqand tajribasi sifatida keyinchalik ommalashtirilishi qayd etildi.

Uchrashuvda tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, islohotlarning borishi yuzasidan sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Davlatimiz rahbari Samarqand shahrida infratuzilmani takomillashtirish, sanoatni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish borasidagi vazifalarga ham eʼtibor qaratdi. Jumladan, Samarqandni “turistik xab”ga aylantirish zarurligini aytib, Bosh vazir oʻrinbosari va viloyat hokimiga shu yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha 23-iyulda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan tizim asosida ishlab, muhitni oʻzgartirish, tadbirkorlarga hamma sharoitni yaratib berish zarurligi qayd etildi.

Bugungi saʼy-harakatlarimiz, maqsad-muddaomiz xalqimizning bugungi hayotidan rozi, ertangi kunidan koʻngli toʻq boʻlishiga qaratilgan. Buni har bir rahbar yurakdan his qilishi va zimmasidagi ulkan masʼuliyatni anglab mehnat qilishi lozim. Shuni unutmaylikki, kechagi uslub, qotib qolgan qarashlar bilan oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Bugungi davr barchamizdan yangicha fikrlashni, zamon shiddatiga mos ishlashni taqozo etadi, Shavkat Mirziyoyev.

Prezident hokimlar va sektorlar rahbarlariga har bir tuman iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.

 

O’zA

  29.07.2019, 07:56  |    174 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!