Shavkat Mirziyoyev meva-savzavotni qayta ishlash korxonasi bilan tanishdi

Prezidentimiz Samarqand tumanidagi “Agromir” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlib, meva-sabzavotlarni qayta ishlash jarayonini koʻzdan kechirdi.

Yurtimizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavot, uzum, poliz mahsulotlari taʼmi, sifati va inson salomatligi uchun foydali elementlarga boyligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham xorijda Oʻzbekistonda pishib yetilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlariga talab yuqori.

“Agromir” xorijiy korxonasi ana shunday mevalarni qayta ishlab, ularning tabiiy sharbati va shirasi, sharbat konsentratlari, sabzavot pasta va pyuresi, meva-sabzavot konservalarini ichki bozordan tashqari chet mamlakatlarga eksport qilib kelmoqda.

Qariyb 450 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan korxona yiliga 60 ming tonna sharbat va nektar, deyarli 6 ming tonna konsentratlar ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, bugungi kunda 42 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.

2018-yilda korxonada umumiy qiymati 160 milliard soʻmlik 53 ming tonna, joriy yilning birinchi yarmida 72 milliard soʻmlik 24 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Oʻtgan yili 2,1 million dollar, joriy yilda 5,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Ayni paytda korxonaga qarashli xoʻjaliklarda meva-sabzavotning istiqbolli navlarini yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fermer va dehqon xoʻjaliklaridan mahsulot xarid qilishda ham birinchi oʻrinda sifat eʼtiborga olinadi, ular bilan bilan buyurtma asosida ishlanadi. Har qanday mahsulotni emas, korxona talabiga, ishlab chiqaradigan korserva va sharbatlar sifatiga mos mahsulotlar tanlab xarid qilinadi.

Davlatimiz rahbari korxona sexlarida mevani qayta ishlash jarayonini, tayyor mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.

Bu yerda ishlab chiqarish va qadoqlash sexlariga Shveysariya, Italiya va Germaniyaning sharbat, pyure va pastalar ishlab chiqarish boʻyicha eng zamonaviy texnologiyalari oʻrnatilgan. Bu korxona mahsulotlarining Oʻzbekiston bozorida yetakchi oʻrin egallashida qoʻl kelmoqda.

Bugungi kunda “Agromir” mahsulotlari taniqli brendlar ostida Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Afgʻoniston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Sharbat koʻrinishidagi tayyor mahsulotlardan tashqari kompaniya mevalaridan tayyorlangan konsentrat ham chet ellik isteʼmolchilarga yetkazib beriladi. Konsentratsiyalangan, toʻyintirilgan sharbatlardan xorijda bir necha turdagi ommabop brendlar qaytadan ishlab chiqariladi.

Tanishuv chogʻida xaridorgir, jahon bozorida talab yuqori boʻlgan eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish va uni tarqatish geografiyasini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

 

M.Elmurodov, Gʻ.Hasanov, OʻzA