Samarqand turizm markaziga aylanadi

Samarqand turizm markaziga aylanadi

Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali boʻyida turistik markaz qurilishi rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, shu boradagi loyiha taklifi bilan tanishdi. Majmua uchun 360 gektar yer ajratilishi, uning 80 gektarida anjumanlar markazi, mehmonxonalar va boshqa obyektlar qurilishi moʻljallangan. Mehmonxonalar 5, 4 va 3 yulduzli boʻlib, barcha toifadagi sayyohlarni qamrab oladi. Sayilgohlar, suzish joylari, sunʼiy orolchalar, restoranlar tashkil etiladi.
Samarqandliklar va bu yerga kelgan yurtdoshlarimiz dam olish uchun qayerga boradi? Hozircha aytarlik bunday joy yoʻq. Chet ellik sayyohlar ham asosan tarixiy obidalarni koʻrish va ziyorat uchun keladi. Shu bois dam olish turizmi uchun ham sharoit yaratish kerak. Bu maskan ziyorat turizmi bilan hamohang boʻlishi, xalqimiz, sayyohlar boʻsh vaqtida bu yerga kelib dam olishi zarur. Bu Samarqand iqtisodiyoti uchun yana bir oʻsish nuqtasi boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Samarqandga kelgan sayyohlar soni joriy yilda oʻtgan yilgiga nisbatan ikki barobar oshgan. Kelgusi ikki yilda bu yerga chet ellik turistlar tashrifini 2, mamlakatimiz boʻyicha esa 10 millionga yetkazish moʻljallangan.
Shu yerda Prezidentimizga viloyatda koʻp qavatli uy-joylar qurish, ichimlik suvi va oqova taʼminotini rivojlantirish, Samarqand shahrini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlashni yaxshilash borasidagi ishlar toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari ikki yil oldingi viloyatga tashrifida Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yil sayin oshib borayotgani va bu ehtiyojni qondirish uchun shahar markazida qurilish meʼyorlariga toʻgʻri kelsa-kelmasa uy-joy qurib tashlashdan koʻra, shahar chetidan zamonaviy aholi turar joy maskanlari barpo etish zarurligini taʼkidlagan edi. Ana shu topshiriq asosida oʻtgan yili Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, bu yerda koʻp qavatli uylar qurilishiga kirishildi.
2018-yilning oʻzida “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 ta arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga moʻljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Hududga minglab aholi koʻchib kelishi hisobga olingan holda taʼlim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, umuman, aholi ehtiyoji uchun nimaiki zarurat boʻlsa, barchasini shu yerning oʻzida yaratishga eʼtibor qaratildi. Bugun ushbu maskan tom maʼnoda zamonaviy shaharcha koʻrinishini oldi.
Shu yilning 11-yanvar kuni Prezidentimiz viloyatga tashrifi chogʻida yangi massivda boʻlib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi va shaharchani yanada kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Hozirda bu yerda 4 ta 12 qavatli, 5 ta 14 qavatli uy qurilishi jadal olib borilmoqda. Bundan tashqari, xususiy qurilish kompaniyalari tomonidan xorijiy davlatlarning ilgʻor qurilish texnologiyalari asosida 9 ta 16 qavatli uylar qurilmoqda.
Yana bir eʼtiborli jihati, davlatimiz rahbari Samarqandning har bir qarich yeridan samarali foydalanish maqsadida bunday zamonaviy koʻp qavatli uy-joylarni viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham qurish zarurligini taʼkidlagan edi. Shundan kelib chiqib, ayni paytda Urgut va Tayloq tumanlarida ham ipoteka krediti asosida arzon koʻp qavatli uylar qurish ishlari boshlangan.
Umuman, 2019-yilda viloyatda bu boradagi ishlar koʻlami yanada kengaygan holda davom etmoqda. Ayni paytda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun 46 massivda 1508 ta, alohida namuna koʻrsatgan yosh oilalar uchun 70 ta, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun 112 ta uy-joy qurilmoqda. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun 120 xonadonli 5 qavatli 4 ta, Ichki ishlar xodimlari uchun 5 qavatli 2 ta, Milliy gvardiya xizmatchilari uchun 5 qavatli 1 ta uy qurilishiga kirishildi.
Prezidentimiz yangi qurilayotgan uylarni adolatli taqsimlash, qurilish ishlari sifatiga alohida ahamiyat berish, ichimlik suvi va oqova taʼminoti, Samarqand shahrini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlash borasidagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV, Gʻolib Hasanov, OʻzA

  26.07.2019, 15:47  |    415 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!