Artel “Oʻztransgaz” uchun 3,5 mln.ta gaz hisoblagich ishlab chiqarishi mumkin

Butun respublikada ishlab turgan gaz hisoblagichlarni elektron gaz hisoblagichlarga almashtirish rejalashtirilgan. Minbar.uz xabariga koʻra, 3,4 mln.ga yaqin yangi elektron hisoblagichlarni ishlab chiqarishga buyurtmani “Artel” kompaniyasi olishi mumkin.
“Oʻztransgaz” AJ mutasaddilarining 24-iyuldagi brifingda aytishicha, elektron hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Artel kompaniyasi bilan muzokara olib borilmoqda.
Gaz hisoblagichlar 3,4 million isteʼmolchiga “Oʻztransgaz” mablagʻi hisobidan oʻrnatiladi.
Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyati qamrab olinadi.
“Oʻztransgaz” AJ matbuot xizmatining xabar berishicha, elektron hisoblagichlar tabiiy gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tartibini (ASKUG tizimi) joriy etish doirasida oʻrnatilmoqda.
Yangi tizimda tabiiy gazning ishlab chiqaruvchi korxonalardan to isteʼmolchigacha boʻlgan hisobi va nazorat ishlari 5 bosqichdan iborat.
Dastlabki bosqichlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar va magistral gaz quvurlari boshqarmalarining boʻlinish chegaralari, gaz taqsimlash stansiyalari hamda viloyat gaz filiallarining yuqori bosimli gaz quvurlari chegarasiga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatilib, maʼlumotlar onlayn rejimida dispetcherlik xizmatlariga uzatiladi.
3-bosqichda esa tumanlararo boʻlinish joylariga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatilib, har bir tuman va shaharga kirib kelayotgan gazning aniq hisobi olib boriladi.
Tizimning 4-bosqichi yirik sanoat korxonalariga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatish orqali onlayn sharoitida nazorat qilishga qaratilgan.
Yakuniy 5-bosqichida esa aholi xonadonlariga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatilib, ularning barchasini yagona “Billing” tizimiga ulash nazarda tutiladi.
Avtomatlashgan tizimdan iborat bu loyiha ishga tushishi bilan ishlab chiqaruvchidan isteʼmolchigacha yetkazilgan tabiiy gaz hisobi real vaqt rejimida yuqori aniqlikda yuritiladi va jarayonda inson omili ishtiroki qisqaradi.

 

OʻzA