Vazirliklar faoliyatida kamchiliklar ham bor

Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalari ijrosi boʻyicha hisoboti eshitildi.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimiz tashqi siyosatini roʻyobga chiqarish, xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda Oʻzbekistonning davlat manfaatlarini va uning fuqarolari huquqlarini himoya qilish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda. Bunda vazirliklar, idoralar, muassasalarning xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha ishini muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, 2019-yilda Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga 24 ta maqsadli vazifa yuklatilgan boʻlib, ularning 21 tasini bajarish muddati 2019-yilning yanvar-iyun oylari etib belgilangan edi. Bu borada vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, yil boshidan buyon xorijga 6 ta oliy darajadagi rasmiy tashrif, Oʻzbekistonga esa xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining 4 ta tashrifi tashkil etildi.
Joriy yilning boshida Samarqand shahrida Afgʻoniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi uchrashuv oʻtkazilgani va tadbir yakuni boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilingani respublikamiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida Madaniyat vazirligi tomonidan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali muvaffaqiyatli oʻtkazilishida Tashqi ishlar vazirligining ham salmoqli hissasi bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan asos solingan BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondiga xorijiy hamkorlarning mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish mobaynida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida muayyan kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani ham aniqlandi.
Jumladan, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish boʻyicha vazifa doirasida belgilangan Oʻzbekistonning milliy mahsulot va xizmatlarini jahon bozorlariga olib chiqish hamda mamlakatga sayyohlar oqimini oshirishda lozim darajadagi samaradorlikka hali erishilmagan.
Bundan tashqari, vazirlikning xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligini jadallashtirish, xususan, fan va taʼlim sohalarida YUNESKO, MDH, SHHT kabi tuzilmalar bilan oʻtkaziladigan tadbirlar koʻlamini kengaytirish lozimligi qayd etildi.
* * *
Shu kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining yarim yillik faoliyati va kelgusidagi rejalari boʻyicha hisoboti ham eshitildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan chet el investitsiyasini jalb qilish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatda oʻzaro samarali hamkorlik olib borish kabi yoʻnalishlarda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda davlat organlari, tashkilotlari, Oʻzbekistonning xalqaro va chet el moliya, iqtisodiy institutlaridagi doimiy vakillari faoliyatini muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xalqaro ishbilarmonlik doiralarida istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimotlarini muntazam ravishda oʻtkazmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida amalga oshirilgan ishlar natijasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning eng talabgor yoʻnalishlarida 5,3 milliard dollar miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirildi.
2019-yilda vazirlik zimmasiga 41 maqsadli vazifa yuklatilgan boʻlib, shundan 9 topshiriqni bajarish muddati 2019-yilning birinchi yarim yilligiga belgilangan.
2019-yilning birinchi yarim yilligi davomida baholash asosiy mezonlaridagi ijro etilishi lozim boʻlgan 9 topshiriqning 4 tasi bajarilmagan. Jumladan, vazirlik tomonidan 140 yirik ishlab chiqarish obyektini ishga tushirish yuzasidan investitsiya loyihalarining “Yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish belgilangan boʻlsa-da, hozirgi kunda bor yoʻgʻi 40 loyiha ishga tushirilgani aniqlandi.
Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga aʼzo mamlakatlar kredit tavakkalchiligini tasniflashda Oʻzbekistonning pozitsiyasini targʻib qilish boʻyicha xorij tajribasini oʻrganish, mamlakatimizning mazkur nufuzli xalqaro tuzilma reytingidagi oʻrnini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish borasidagi ishlarda sustkashlik kuzatilmoqda.
Senatorlar tomonidan tavsiyalar va takliflar bildirildi va majlis yakunida qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA