Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi

Toshkent islom universitetida 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti va YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Isroil, Italiya, Polsha, Rossiya, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan din ishlari bo‘yicha mutaxassislar, ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullayev, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari D.Badarch va boshqalar O‘zbekiston zaminida turli xalqlar mehr-oqibat, qardoshlik tamoyillari asosida tinch-totuv yashab kelayotgani, bugungi kunda bag‘rikenglikning buyuk tarixiy an’analariga monand 130 dan ortiq millat hamda elat vakillarining vijdon va e’tiqod erkinligi kafolatlanganini ta’kidladi.

Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo va butun dunyoda hamjihatlikka erishish, dinlararo totuvlik, tinchlikni saqlash yo‘lida muhim dasturilamal bo‘layotganini, bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z aksini topganini e’tirof etdi.

O‘zbekistonda 16 diniy konfessiyaga mansub 2 ming 250 ga yaqin tashkilot faoliyat yuritmoqda. Diniy ta’limga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent islom universiteti, madrasalar, islom o‘rta maxsus ta’lim dargohlari, xristian seminariyalarida diniy sohada yetuk mutaxassislar tayyorlanadi.

Bugun yurtimizda 140 ga yaqin milliy-madaniy markaz mavjud. Ularda turli millat va elat vakillari o‘z ona tili, milliy qadriyatlari, tarixi, madaniyatini o‘rganish, ularni yoshlarga yetkazish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Rossiya Prezidenti huzuridagi Diniy birlashmalar bilan aloqalar bo‘yicha kengash a’zosi O.Goncharov, Vatikan davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ch.Milore, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy, Novoapostol cherkovining Berlin-Brandenburg okrugi apostoli V.Nadolni va boshqalar mavzu yuzasidan ma’ruzalar o‘qidi.

Tadbir doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini o‘zida aks ettirgan bosma nashrlar, suratlar, turli millatlar amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

  17.11.2017, 09:42  |    1555 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!