Professional taʼlim muassasalarining yangi tizimi tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni uzluksiz professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda yangi korxonalar ishga tushirilib, ijtimoiy infratuzilma rivojlantirilmoqda. Oldinda yana katta reja va maqsadlar bor.

Bularning barchasi malakali mutaxassislarga boʻlgan talabni oshirmoqda. Chunki har bir sohaning rivoji, loyihalarning ijrosi yetuk kadrlarga bogʻliq.

Shu bois keyingi yillarda taʼlim tizimi modernizatsiya qilinib, oʻqitishning zamonaviy shakl va texnologiyalari joriy etilmoqda. Hududlarda yangi, shu jumladan, xorijiy taʼlim muassasalari tashkil etilib, talab yuqori boʻlgan mutaxassislar tayyorlashga sharoit yaratilmoqda.

Yigʻilishda oʻrta boʻgʻin mutaxassislari va ishchi kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Kollejlar negizida professional taʼlim muassasalarining yangi tarmogʻini shakllantirish vazifasi qoʻyildi. Ushbu muassasalarda boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi. Oʻqitish muddatlari zarur bilim, malaka va koʻnikmalarning murakkabligiga qarab turlicha boʻladi.

Yigʻilishda ushbu tizimni joriy qilishdan oldin uning metodologiyasini yaratish, taʼlim dasturlarini xalqaro talablar asosida yangidan ishlab chiqib, oʻqituvchi va ishlab chiqarish ustalarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish va ragʻbatlantirish boʻyicha taklif kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari yangi professional taʼlim tizimini mehnat bozori talablari bilan uygʻunlashtirish masalasiga alohida toʻxtaldi.

Joylarda ishsizlik kuzatilayotgan bir paytda ishchi kasblar boʻyicha mutaxassislarga katta ehtiyoj borligi qayd etildi. Masalan, yengil sanoatda 46 ming, qurilishda 104 ming, metallga ishlov berish boʻyicha 71 ming, xizmat koʻrsatish sohasida 67 ming nafar mutaxassis yetishmayapti. Bu taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasida muloqot va yaqin hamkorlik yoʻqligi oqibatidir.

Shu bois bitiruvchining ishga joylashishi yoki oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi taʼlim muassasalari faoliyatining asosiy mezoni boʻlishi kerakligi qayd etildi.

Prezident yangi professional taʼlim tizimi boʻyicha taklif etilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

1.jpg

 

OʻzA