Vorux aholisi Prezident tashrifini kutmoqda

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon oʻzining Isfaraga amaliy tashrifi davomida Qirgʻiziston fuqarolari bilan yer, suv, chegaradan noqonuniy oʻtish va millatlararo kelishmovchiliklar yuz berib turadigan Vorux qishloq kengashiga tashrif buyuradi. Soʻngi bor Emomali Rahmon Voruxda 1993-yilda boʻlgan edi.
Prezidentning Isfaraga amaliy tashrifi 20-25-iyulga moʻljallangan. Isfarada Tojikiston Prezidentining Sooronbay Jeyenbekov bilan uchrashuvi rejalashtirilgan, deya xabar berdi Isfara shahar administratsiyasidagi manba.
Muzokaralardan soʻng Emomali Rahmon Vorux aholisi bilan uchrashadi.
Mahalliy aholi Tojikiston rahbari bilan uchrashuvga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.
Vorux qishloq kengashi aholisi Emomali Rahmonning tashrifi qoʻshnilar bilan yuz berib turadigan yer, suv nizolari, noqonuniy chegaradan kesib oʻtish va millatlararo qarama-qarshiliklarga barham berishiga nuqta qoʻyishiga ishonch bildirishmoqda.
Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan soʻng mazkur ikki respublika chegaralarni boʻlishni uzil-kesil hal qilishmagan. Delimitatsiya va demarkatsiya borasida Tojikiston va Qirgʻiziston hukumatlararo komissiyasi chegaralarni aniqlash masalasida aniq toʻxtamga kela olmagan, chunki Tojikiston 1924-1927-yillardagi hujjatlar va kartalar asosida ishlashni taklif qilmoqda, Qirgʻiziston esa 1958-1959 va 1989-yillardagi ikki tomonlama komissiyaning kartasidan foydalanishni taklif qiladi. 1920-yillar boshlaridagi kartada Vorux Tojikiston Sovet sotsialistik Respublikasining chegarasining ichkarisida joylashgan, ammo 1950-yillardagi kartada Vorux Qirgʻiziston anklavi sifatida koʻrsatilgan.
Tojikiston-Qirgʻiziston chegarasining umumiy uzunligi 976 kilometrni tashkil qiladi, shundan bugungi kunda 504 kilometri delimitatsiya va demarkatsiya qilingan.
Chegaraning belgilanmagan liniyasi chegara atrofidagi aholi oʻrtasida mojarolarga sabab boʻladi. Demarkatsiya qilinmagan chegara uchastkalarida yer, suv, chegaradan noqonuniy oʻtish va millatlararo qarama-qarshiliklar tufayli mojarolar boʻlib turadi.
Vorux aholisi mojarolar vaqtida qoʻshnilar Isfara-Vorux avtotrassasini yopib qoʻyishidan gʻazablanishadi. Bu trassa Qirgʻizistonning Yakkaoʻruk va Oqsoyidan oʻtadi.
Vorux aholisi 2014-yildayoq demarkatsiya va delimitatsiya boʻyicha hukumatlararo komissiyasining tojikistonlik aʼzolariga murojaat qilib muzokarolar vaqtida qirgʻiz tomoniga Batken tumani Oqsoy qishlogʻi hududidan eni 600 metr, uzunligi 3 kilometr boʻlgan yoʻlak ochib berish masalasini koʻtarish borasida taklif bergan edi.
Mahalliy aholining soʻzlariga qaraganda, Tojikiston hukumati xuddi shunday maydonni boshqa joydan qirgʻiz tomonini qoniqtiradigan holda berishi mumkin. Bu kabi almashinuv yuz bergudek boʻlsa, Vorux anklav boʻlmay qoladi, demoqda ular.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA