Bo‘lajak saylov avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladi

Bo‘lajak saylov avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladi

Jarayon boshlangunicha har bir saylovchi o‘z huquqlarini chuqurroq bilib borsa, saylovning qonuniy asosda o‘tishiga hissa qo‘shadi
Qachonki saylov bo‘lsa, saylovchilar, ya’ni aholini qiynayotgan muammolar aniqlanadi. Bu jarayon, o‘z navbatida, siyosiy partiyalarning, ularning dastur va rejalari nechog‘lik hayotiy, dolzarbligini ko‘rsatib ham beradi.
Qolaversa, saylov yurtdoshlarimizning mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyot dasturiga xolis va haqqoniy baho berish imkoniyati hamdir.
O‘zbekiston ayni paytda ana shunday juda katta siyosiy jarayon arafasida. 2019 yil dekabr oyida bo‘lajak saylovlar avvalgi saylovlardan tubdan farq qilishi kutilmoqda. Xalqimizning siyosiy ongi va madaniyati jamiyatda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlarga monand o‘sib borayotgani, jamiyatda ochiqlik ta’minlanayotgani bunga asos yaratayotir.
Yana bir muhim jihat esa bo‘lajak saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tadi.
Kodeksning muhim jihatlari nimada? Saylov bo‘yicha nega aynan kodeks qabul qilindi? Uning avvalgi qonunlardan qanday farqli tomonlari bor?
Quyida ushbu savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Avvalambor, kodeks nima, degan savolga javob bersak. Kodeks ham qonun hisoblanadi, qonun bilan tasdiqlanadi. Unda bir turdagi muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar birlashtirilgan bo‘ladi.
Kodeksning qonundan afzal jihatlari ham bor, albatta. Kodeks juda katta miqdordagi, o‘xshash huquqiy normalarni yagona prinsiplar asosida tizimlashtirishga imkon beradi.
Saylov kodeksi ham bir-biriga o‘xshash bo‘lgan, saylov munosabatlarini tartibga soluvchi beshta qonun va boshqa normalarni birlashtirish va takomillashtirish natijasida qabul qilindi.
Kodeksning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tsak. Kodeksdagi eng katta yangiliklardan biri bu – siyosiy maydon to‘liq siyosiy partiyalarga berilganidir. Endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugida nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi.
Ekologik harakatga qo‘yilgan kvota chiqarib tashlangani partiyalararo raqobatni rivojlantirishga imkon yaratdi. Endi ular parlamentda ko‘proq o‘rin olishga intilishi turgan gap.
Kodeksda siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari ham kengaytirildi. Endilikda vakolatli vakil saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
Avvalgi qonunlarda uning faqat saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqigina qayd etilib, shuningdek partiya vakolatli vakilni o‘z a’zolari orasidangina tayinlashi belgilangan edi.
Partiyalar saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda avvalgi qonunlar bo‘yicha faqat bittadan kuzatuvchi berishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, mazkur kodeksda bittadan bo‘lishga oid cheklov chiqarib tashlandi. Bu ochiqlik, oshkoralik, jamoatchilik nazorati ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat – bu saylov komissiyalari bilan bog‘liqdir. Avvalgi qonunlarda faqat Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlangan edi. Endilikda barcha saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.
Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi ham kodeksdan o‘rin olgan.
Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlarni ta’minlaydi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi.
Muddatidan avval ovoz beruvchilar uchun “saylov varaqasi” degan tushuncha bo‘lar edi. Endilikda bu tushuncha qonunchilikdan chiqarilib, barcha ovoz beruvchilar uchun faqat saylov byulleteni bo‘ladi.
Kodeksda, shuningdek, ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Avvalgi qonunlarda bu vaqt 6.00 dan boshlanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bu saylov komissiyasi a’zolariga qiyinchilik tug‘dirgani sir emas.
Kodeksda fuqarolik jamiyati institutlariga berilgan imkoniyatlar, jamoatchilik nazorati va ishtiroki bilan bog‘liq. Avvallari mahalladan kuzatuvchilar faqat xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovidagina ishtirok etishi nazarda tutilgan edi. Endilikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar barcha saylovlarda qatnashishi mumkin.Bu saylovlar ustidan fuqarolik kuzatuvini, shaffoflikni ta’minlashga, saylov jarayoniga ishonchning oshishiga xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhi tarkibiga jalb etilishiga oid qoida mustahkamlangani jamoatchilik nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kodeksda saylovchi turgan joyida ovoz berish vaqtida ham kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkinligi qayd etildi. Bu ham jamoatchilik nazorati, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Kodeksda saylov jarayonini yanada takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asoslari qonunan mustahkamlanganligida namoyon bo‘ladi.
Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatidan foydalanishga oid qoidalar belgilandi. Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi. Saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.
Xulosa qilib aytganda, Saylov kodeksi yurtimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu siyosiy jarayonni yuqori saviyada o‘tkazishda muhim huquqiy asos bo‘ladi. Yuqorida qayd etganimizdek, bo‘lajak saylov avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladi. Bu jarayon boshlangunicha har bir saylovchi o‘z huquqlarini chuqurroq bilib borsa, saylovning qonuniy asosda o‘tishiga hissa qo‘shadi.
Miravzal MIRAKULOV,
yuridik fanlari doktori.

 

O‘zA

  12.07.2019, 08:51  |    27 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!