UNIVERSIADA-2019: hozircha medallar jamgʻarish boʻyicha 29-oʻrindamiz

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Italiyaning Neapol shahrida XXX yozgi Universiada oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda.
Ushbu nufuzli sport anjumanida dunyoning 112ta mamlakatidan qariyb 6 ming nafar sportchi talaba 18ta sport turi boʻyicha 222 dona medallar shodasi uchun bahslarga kirishdi. Ular safida oʻzbekistonlik yoshlar ham gʻoliblik uchun kurash olib bormoqda.
Bugun hamyurtlarimiz taekvondo WTF, yengil atletika, tennis, kamondan otish boʻyicha oʻz omadlarini sinab koʻrishdi. Afsuski taekvondochilarimiz bugun ham muvaffaqiyat qozona olishmadi, Suhrob Bobobekov (erkaklar, -58 kg) hamda Nigora Tursunqulova (ayollar, -67 kg) oʻz vazn toifalarida sovrindorlar safidan chetda qoldi.
Yengil atletikaning nayza uloqtirish bahslarida qatnashgan hamyurtimiz Vladislav Polyunin esa bugun oʻtkazilgan saralash bahslarida 73,86 metr natija bilan 8-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu natija unga final bosqichi yoʻllanmasini taqdim etdi. Endi u ertaga medallar uchun kurashga kirishadi.
Bugun mohir tennischimiz Humoyun Sultonov yakkalik bahslari chorak finalida AQSH vakili Jeyms Kikanga qarshi kortga tushdi va ikki setda 6/1, 6/2 hisoblari bilan osongina gʻalabaga erishdi. Shu tariqa Humoyun yarim finalga yoʻl oldi. Bu esa kamida bronza medali naqd degani.
Ortda qolgan bir haftalik musobaqalar natijasiga koʻra hamyurtlarimiz 4ta bronza medaliga sazovor boʻlishdi. Afsuski, hozircha talaba-sportchilarimizga shohsupaning yuqori pogʻonasiga koʻtarilish nasib etmayapti. Ushbu natija bilan vakillarimiz hozircha norasmiy umumjamoa hisobida Turkiya bilan birga 29-30-oʻrinni egallab turibdi.
Medallar jamgʻarish borasida hozircha yaponiyalik talabalar peshqadamlik qilmoqda. Ular shu kungacha 42ta (19ta oltin, 12ta kumush va 11ta bronza) medalga sazovor boʻlishgan. Bu borada 20ta (14-5-1) medal bilan xitoyliklar ikkinchi pogʻonani egallab turibdi. Kuchli uchlikka AQSH terma jamoasi yakun yasab beradi. Ular hozirgacha 12ta oltin, 10ta kumush va 7ta bronza medalini qoʻlga kiritishgan.

 

O.ESHMAMATOV, OʻzA