Oʻzbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari

Bugundan boshlab muxbirimizning “Oʻzbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari” deb nomlangan turkum maqolalarini berib boramiz.

Mazkur turkumning dastlabki – “Birgina Dunay daryosi Yevropadagi 19 mamlakatning xojatini chiqarmoqda” deb nomlangan maqolaning 1 qismini diqqatingizga havola etayapmiz.

«Qishloq xoʻjaligi boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng muhim vazifamizdir.

Yana bir muhim vazifa – suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini keng qoʻllashdan iborat. Fermerlar kengashi Qishloq xoʻjaligi va Suv xoʻjaligi, Innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan hamkorlikni kuchaytirishi, fermerlarni oʻqitish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqishi lozim».

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan

2018-yil 28-dekabr.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda 2018-yil 17-apreldagi “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida mamlakat suv xavfsizligini taʼminlash, suv oqimlari haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida toʻplash tizimini joriy etish, yer osti suvlarining maqbul sathlarini taʼminlash hamda suv resurslaridan barqaror oqilona foydalanish masalalariga alohida eʼtibor berilgan.

Oʻzbekiston – Xitoy va jahon suv xoʻjaligi muammolari

BMT maʼlumotiga koʻra, soʻnggi yarim asrda Markaziy Osiyo aholisini suv bilan taʼminlash 3,5 barobarga kamaygan. Golobal suv tashabbusi guruhi (Global Water Initiative)ning tahlil-prognozida 2025-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlari aholisi jiddiy suv tanqisligiga duch kelishi qayd etiladi. Ayrim bashoratlarga koʻra, shu yilga kelib dunyodagi jaʼmi 52 ta mamlakat aholisi chuchuk suv tanqisligi muammosiga roʻbaroʻ boʻladi.

2025-yilni qoʻyaturayligu vaziyatni bugungi kunda ham yaxshi, deb boʻlmaydi. Kech qolmayapmizmi, degan savol qiynaydi. Lekin, nima ham qila olar edik?! Aholi ortib borayapti, obi-hayot zaxiralari ming-ming yillar muqaddam qanday boʻlgan boʻlsa shundayligicha qolmoqda. Qish, bahor faslida diyorimizda qor, yomgʻir kam boʻlsa boʻlayapti koʻpayayotgani yoʻq. Belkuraklar toʻla qor kurashni unutib ham yuborayapmiz. Xususiy korxonalar u yoqda tursin, davlat, hukumat mablagʻi ishtirokida qurilayotgan zavod, fabrika, korporatsiya va kompaniyalar yil sayin ortib bormoqda. Suvni sarflash, undan foydalanish esa koʻpayib borayotgan aholi soni va ehtiyojiga qarab oʻsayapti.

Respublikamiz ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, irrigatorlari, mutaxassislar, miroblarning vaziyatni xolisona baholab, masʼuliyatni sezgan holda ishlab chiqqan tavsiyalari asosida Oʻzbekiston Prezidentining masʼuliyat, gʻamxoʻrlik va tashvish bilan imzo chekkan farmonida qayd etilganidek, suvni tejaydigan ilgʻor texnologiyalar, jumladan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari qoʻllanilishini tezlashtirish, gidrotexnika inshootlarini ekspluatatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha ishlarni tashkil etishga kechiktirmay kirishimiz lozimligi yaqqol koʻrinib turibdi.

Shuningdek, hujjatda xalqaro tashkilotlar va qoʻshni mamlakatlarning suv xoʻjaligi organlari, birinchi navbatda, hududidan Amudaryo va Sirdaryo oqib oʻtadigan mamlakatlar bilan Orol dengizi havzasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish boʻyicha samarali hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham Farmonda alohida taʼkidlab oʻtilgan.

Hisob-kitoblarni qarab chiqadigan boʻlsak, bir tonna paxta xosili olish uchun 10 tonna suv sarflash lozim. Xoʻsh, 4-5 million tonna paxta uchun-chi? Mutaxassis emasman, lekin anglab turibman, juda katta maydonlardagi ekinlar, bogʻ va chorbogʻlar, boshqa ehtiyojlar uchun katta miqdorda chuchuk suv kerak. Xoʻsh, shu suvlarning oʻzi bormi? Amudaryoda sekundiga oʻrtacha 2 ming kub metr suv oqadi. Uning suvi Orol dengiziga yeta olmay qurib qolayotgani jahon ensiklopedik nashrlarda ham qayd qilinmoqda. Suv soʻnggi salkam bir asr mobaynida oʻzlashtirilgan ekin maydonlarini sugʻorishga, Markaziy Osiyo xalqlarining bugungi hayotiy ehtiyojlarini qondirishga toʻla sarf boʻlmoqda.

Ilgari Sirdaryo suvlari ham Orol dengiziga quyilar edi. Endi suv yetmaganidan butun bir dengiz qurib bormoqda. Bir paytlar dunyoda mavjud boʻlgan 4 ta yirik ichki dengizdan biri boʻlgan – Orol hozir ikki va undan ortiq “orolcha”larga, aniqrogʻi koʻlchalarga boʻlingan. Suv boʻyicha jahon mutaxassislarining hisob-kitobiga koʻra, Oʻrta Osiyoning yirik daryolaridan biri boʻlgan Sirdaryo yoʻl-yoʻlakay 10 barobarga kamayib manzilga gohida borib, gohida bormay qolayapti. 1960-yili daryo sekundiga 400 kub metr boʻlib toʻlib-toshib oqqan boʻlsa, hozir u sekundiga 30 kub metrga tushib qolgan. Ishongan daryolarimizning ahvoli ana shunday.

Farmon va qarorlarga binoan Oʻzbekistonda suv xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha sarf-xarajatlar bilan shugʻullanadigan respublika jamgʻarmasi tuzilgan. Bu maqsadda Davlat byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 18 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Prezidentimizning murojaati va farmonidan kelib chiqadigan xulosa bitta, u ham boʻlsa, ortiqcha suv zaxirasi yoʻq. Shuning uchun Markaziy Osiyo xalqlarining suvga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirish lozim. Xosildorlikka ziyon yetmagan xolda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hisobiga qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishidagi sugʻorish normalarini qayta koʻrib chiqish kerak. Yaxshiyam-ki, gaz konlarimiz kabi bebaho boyligimiz yetarli. Tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorishda juda qoʻl keladigan polietilen quvurlarini ishlab chiqarish imkoniyatiga egamiz. Bu esa paxta, gʻalla, meva-sabzavot ekilarni sugʻorishda suv resurslaridan tejab, samarali foydalanish imkonini beradi.

Norma boʻyicha maishiy ehtiyoj uchun bir kishi bir kunda 3 kub metr – uch ming litr suv sarflashi belgilangan. Demak, bir kishining uydagi bir kundagi ehtiyoji 200 litr sovuq va 100 litr issiq suvni tashkil qiladi. Suvni “schyotchik” – hisoblagichsiz taqsimlagandagi norma ana shunday. Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan bir kishiga atigi 1,7 kub metr – 1 ming 700 litr suv toʻgʻri keladi. Bu shu bugungi maishiy normaga qaraganda qariyb ikki barobarga kam demakdir. Biz endi har bir tomchi suvni avaylab sarflashimiz lozim.

Maishiy normalarga qaytamiz. Dush qabul qilayotgan paytda biz 100 litr suv ishlatamiz, tish tozalayotgan vaqtda 1 litr suv ketadi. Vannaga suv toʻldirganimizda 150 litr, tahorat-poklanish xonasiga har kirganda 8-10 litr, kir yuvish mashinasidan bir marta foydalanganda 100 litr suv sarflaymiz. Oddiy vodoprovodning bitta joʻmragidan minutiga 15 litr suv tushadi. Mabodo joʻmrak ochiq qolsa, unda soatiga ming litrga yaqin suv oqib ketadi. Alohida taʼkidlash lozimki, bir yarim soatga ochiq qolgan joʻmrak bir insonning bir sutkalik nasibasini oʻzi bilan olib ketayapti. Endi, hovliga suv sepish, ekinga, daraxtlarga suv quyishchi, oʻzbeklar bogʻbon va chorvador xalq, mol-holini sugʻorishchi. Hozir qariyb har xonadonda bir-ikkita mashina bor, ularni yuvish uchun ketadigan suv. Men ming-million gektar paxta, sholi, sugʻoriladigan yerlardagi bugʻdoy, arpa, makka haqida gapirayotganim yoʻq. Qoʻyingki, ular ham insonning birinchi ehtiyojlarini qondirish maqsadida yetishtiriladi.

Suvning sarflanishi turmush sharoitimizning koʻtarilishi, sanoatimizning taraqqiyoti, madaniyatimizning ravnaq topishi bilan yanada ortib boradi.

Bugun biz yuqori ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot, madaniyat olamida, yangi zamonaviy qadriyatlar davrida yashayapmiz. Xalqaro huquq talablarisiz, oʻzaro bitim, kelishuv, xalqaro shartnomalarsiz yashab boʻlmaydi. Sababi, chegara hududida qoʻshni davlat aholisiga xavf tugʻdiradigan obyektlar qurilishi, atrof-muhitga zarar keltiradigan ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish, ayniqsa, chegara kesib bir necha davlatlar hududidan oʻtadigan daryolar muammolari muzokarayu madora yoʻli bilan amalga oshirilishi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Masalayu muammolarni hal qilishda xalqaro huquq qoidalari, oʻzaro kelishuv shartlariga qatʼiy rioya qilish kerak.

Amu va Sirdaryolar Markaziy Osiyoning ikki respublikasi: Tojikiston bilan Qirgʻizistonning togʻli hududlaridan boshlanib oʻz yerlaridan tashqari yana uchta respublika: Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston davlatlarining ekin maydonlarini sugʻoradi. Dunyoda bunday daryolardan shartnomalar asosida kelishilgan holda foydalanish tajribalari qaror topgan.

Qisqa ekskurs. Yer yuzidagi eng uzun Nil daryosi shimoliy-sharqiy Afrika boʻylab oqib oʻtadi va Oʻrta Yer dengiziga kelib quyiladi. Daryo resurslaridan oqilona foydalanish ustida “Nil havzasi” tashkiloti ish olib bormoqda.

Missisipi Amerikaning eng katta daryosi. U AQSHning Minnesota shtatidan boshlanadi va 4 ming kilometrga oqib borib Meksika koʻrfaziga kelib quyiladi.

Yevropadagi Dunay dunyodagi eng “koʻp millatli” daryo, deb nom chiqargan. U Gʻarbiy Germaniyadan boshlanib Avstriya, Vengriya, Xorvatiya, Serbiya, Ruminiya va Ukraina kabi 19 mamlakat xududini kesib oʻtadi. Shu davlatlarga birdek xizmat qiladi. Barcha davlatlar daryoning tozaligi uchun masʼul hisoblanadi.

Mekong daryosi Xitoydan boshlanib Birma, Laos, Tailand, Kambodja va Vyetnam xududi orqali oʻtib shu davlatlar aholisiga hayot bagʻishlaydi.

Sayyoramizning qariyb barcha nuqtalarida daryolarni qoʻriqlash, suvidan shartnomaga muvofiq tasdiqlangan hajmda olish, bir marta ishlatilib, tozalanmagan iflos (tarkibida mineral oʻgʻitlar boʻlgan, hasharot-zararkunandalarga qarshi dalaga sepiladigan yad-ximikatlari, tuzlari boʻlgan) suvlarni tozalab daryoga qayta tushirish kabi ishlar bilan shugʻullanuvchi maxsus xalqaro tashkilotlar faoliyat koʻrsatib turibdi. Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyo daryolarida ham suv sifatini davlatlararo nazorat va himoya qilish tashkiloti boʻlgani maʼqul. Bu shundoq ham miqdori chegaralangan suvdan foydalanish samarasini oshirgan boʻlar edi.

Shunday mamlakatlar borki, Markaziy Osiyodagiga oʻxshab suvsiz qaqrab yotgan yerlari yoʻq, koʻchma qumlariyu dashtu sahrolari uchramaydi, boz ustiga oʻrmonlari, yirik-yirik daryolari, xosildor yerlari moʻl. Miltiq olib oʻrmonga kirsang kaklik, quyon, kiyikka duch kelasan. Savat koʻtarib oʻrmoniga chiqsang, shundoqqina pishib yotgan malina, qoʻziqorin, dala qulupnoyi kabi mevalarni terib olasan. U qirgʻogʻidan bu qirogʻiga suzib oʻtib boʻlmaydigan daryolarida billurdek tiniq suv oqadi. Baliqlarini aytmaysizmi? Som, laqqa, sazan, qizil baliqlari-chi?

Shunday davlatlar ham borki, zaminini parmalasang qaʼridan neft, gaz shaklida “dollarlar” deyavering, otilib chiqadi. Bunday diyorlarni bir jannatga oʻxshatsang, boshqa bir paytda, negadir, bu mehnatni yaxshi koʻrmaydigan, ishyoqmas, yolqovlar makoni, degan hayolga ham borasan kishi. Axir hech narsa qilish kerak emas. Yegulik, ichgulik, goʻsht, sut-qaymoq moʻl. Tabiatning oʻzi yomgʻir, oʻt-oʻlan boʻlib kamchiliklarni toʻldirib turadi. Faqat non uchun yerga urugʻlik tashlasang bas.

Siz muxbirimizning “Oʻzbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari” deb nomlangan turkum maqolalarining birinchi qismi bilan tanishdingiz. “Bu oʻspiringa jannatdan joy bering!” deb nomlangan maqolaning 2-qismi bilan ertaga tanishasiz.

 

Irismat ABDUXOLIQOV, OʻzA