Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida karantin ostidagi mahsulotlar importini nazoratdan oʻtkazish takomillashadi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasida Xitoy Xalq Respublikasining Bosh Bojxona boshqarmasi vakillari bilan oʻzaro tajriba almashish, sohaga oid oʻzgarishlarni muhokama qilish maqsadida ilk bor videokonferensiya – vebinar tashkil etildi.
Bu haqda “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish hamda zararli organizmlarga qarshi kurashish yuzasidan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Joriy yilda “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi hamda XXR Bosh bojxona boshqarmasi oʻrtasida “2019-2020-yillarda oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida chora-tadbirlar dasturi“ ishlab chiqilgani ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi. Ikki davlat karantin xizmatlari birinchi bor videokonferensiya koʻrinishida fikr almashishi ayni dastur doirasida tashlangan dastlabki qadamlardan boʻldi.
Vebinarda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasida hamkor mamlakat mutasaddilari, jumladan U Szyaszyao (Guanchjou), Ten Kay (Shanxay), Luo Djun (Pekin) hamda elchixonaning savdo-iqtisodiy masalalari boʻyicha mutaxassisi ishtirok etdi. Videokonferensiya ishida Oʻzbekiston tomonidan “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasining Xalqaro aloqalar, investitsiyalar va innovatsion rivojlanish boshqarmasi xodimlari hamda 30 nafarga yaqin hududiy karantin inspeksiyalari agronomlari qatnashdi.
Amaliy ruhda boʻlib oʻtgan virtual uchrashuvda xitoylik mutaxassislar ichki va tashqi oʻsimliklar karantini, shuningdek, karantin ostidagi mahsulotlar importini nazoratdan oʻtkazish jarayonlari xususida fikr almashdi. Zararli organizmlarga qarshi kurashish va bu boradagi innovatsion yondashuvlar masalasida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Xitoy tomoni “Dala nazoratini amalga oshirish” mavzusida oʻzbekistonlik hamkasblari uchun koʻrgazmali chiqishlar namoyish etdi.
Videokonferensiya yakunida bundan keyin ham oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, bu kabi uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.

 

A.MUSAYEV, OʻzA