Issiqning kuchayishi kutilmoqda

“Oʻzgidromet”dan maʼlum qilishlaricha, bu hafta issiq va quruq keladi. Sababi, bu paytga kelib, quyosh shimoliy yarim sharning eng yuqori nuqtasiga koʻtarilib, zaminni beayov qizdiradi. 
Bu davrda Oʻrta Osiyo hududi, shu jumladan Oʻzbekiston past bosimli yaqqol namoyon boʻlmaydigan frontsiz maydonlar taʼsirida boʻladi.
Havo harorati 10-iyul kuni kunduzi 37-40 daraja, janubda va choʻl zonalarida 42 darajagacha boʻladi.
Keyinchalik issiqning kuchayishi kutilmoqda. Kechasi harorat 24-27 daraja atrofida, kunduzi 39-42 daraja, yurtimizning janubi va choʻl hududlarida kechasi 30-32 daraja, kunduzi 43-44 darajagacha koʻtarilishi mumkin.
Bu yoz oʻrtasi uchun oʻrtacha koʻp yillik koʻrsatkichlardan 5-7 daraja yuqori demakdir.
Eslatib oʻtamiz, 2018-yilning iyuli umuman olganda eng issiq yillardan biri boʻlib, Oʻzbekistonning koʻpgina mintaqalari, xususan, Toshkent shahri uchun butun meteorologik kuzatuvlar davrida eng issiq yil boʻldi.

 

OʻzA