Oʻzbekiston va Yaponiya: taʼlim sohasida hamkorlik boʻyicha muloqot

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oʻzbekiston – Yaponiya oliy taʼlim muassasalari rektorlarining III konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda oliy taʼlim sohasida Yaponiya bilan hamkorlik kasbiy taʼlimni rivojlantirish, akademik almashinuv, mutaxassislarning kasbiy malaka va mahoratini oshirish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan.
– Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzining geografik joylashuvi, demografiyasi bilan ajralib turadi, – deydi Yaponiya Parlamenti Vakillar palatasi deputati, Yaponiya taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirining parlament oʻrinbosari Xiroyuki Nakamura. – Mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik jadal taraqqiy etayotgani quvonarli. Xususan, Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening 2015-yili Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshida Oʻzbekiston – Yaponiya yoshlari innovatsion markazi ish boshlagan edi. Ushbu konferensiya oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikda yangi istiqbollar ochishiga ishonaman.
Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti Matsuo Seyitining qayd etishicha, aholisining aksariyatini yoshlar tashkil etadigan Oʻzbekiston bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ushbu anjuman akademik almashinuv, universitetlararo aloqalarni kengaytirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Konferensiya doirasida akademik va ilmiy hamkorlik, talabalar almashinuvi, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish yoʻlidagi oʻzaro muloqotni mustahkamlash, ikki mamlakat yetakchi innovatsion markazlari, texnoparklari, universitetlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada jadallashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

 

Nazokat USMONOVA, OʻzA