“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari 
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ikki nafar harbiy xizmatchisi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2017 yil avgust oyidan e’tiboran Milliy gvardiya mamlakat Qurolli Kuchlari tarkibidagi mustaqil qo‘shin turi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Milliy gvardiya jamoat va davlat xavfsizligini ta’minlash, aholini turli terrorchilik tahdidlaridan, jinoiy va boshqa g‘ayriqonuniy harakatlardan himoya qilish, o‘ta muhim toifalangan davlat va boshqa ob’ektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash kabi qator vazifalarni bajaradi.
Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilayotgan barcha yigitlar qatori Elyor Masharipov, Hasanjon Qalandarov ham bilimi, iqtidori, tashabbuskorligi, samarali mehnati bilan Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bu ikki jasur yigitga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti topshirildi.
Элёр МАШАРИПОВ.JPG
Elyor MAShARIPOV, 
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy qism guruh katta ofitseri:
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mang‘it shaharchasida pedagoglar oilasida tug‘ilganman. Ota-onam, akalarim va opalarim shu sharafli kasbni tanlagan. Maktabni tugatib, Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida o‘qidim. O‘sha yillari dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston, Osiyo chempioni bo‘ldim, xalqaro turnirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Nukus davlat pedagogika institutiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindim. Nukus sport kollejida murabbiy sifatida ishladim. Har bir yigitning orzusi Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishdir. Menga shunday baxt nasib etdi. Bugun Milliy gvardiya harbiy xizmatchisiman.
Davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi bilan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga munosib ko‘rildim. Bu mukofot Prezidentimizga, xalqimizga mardonavor xizmat qilish yo‘lida bizga zo‘r kuch-g‘ayrat, ilhom bag‘ishlaydi.
Ҳасанжон ҚАЛАНДАРОВ.jpg
Hasanjon QALANDAROV, 
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy qism guruh komandiri:
– Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 16-umumta’lim maktabida o‘qib yurganimda harbiy xizmatchi bo‘lishni orzu qilardim. Harbiylar bilimli, zukko va jismonan kuchli bo‘lishi kerakligini his qilgan holda o‘z ustimda tinmay ishlardim. Singlim Zuhra bilan kim eng bilimli, kim eng aqlli, deb bellashardik. Sport bilan shug‘ullanishni ham kanda qilmasdim. Maktabni a’lo baholarga tamomlab, harbiy texnika yo‘nalishidagi Farg‘ona akademik litseyida tahsil oldim. So‘ng Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida o‘qidim. Turli musobaqa va ko‘rik-tanlovlarda faol qatnashdim.
Milliy gvardiyada xizmat qilish ham sharaf, ham mas’uliyat. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Albatta, bu yuksak ishonchni oqlashga harakat qilamiz.

 

Xurshid QODIROV, O‘zA