Yangi sanoat quvvatlari va infratuzilma imkoniyatlari xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni Yashnobod va Qibray tumanlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent mexanika zavodiga tashrif buyurdi.

Toshkentning sanoat, tranzit-logistika, infratuzilma borasidagi imkoniyatlaridan unumli foydalanib, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan ilgʻor texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning eksportini kengaytirish poytaxtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, ulkan maydon, boʻsh bino va inshootlar, zarur infratuzilmaga ega boʻlgan Toshkent mexanika zavodida xorijiy investitsiya jalb qilish va ishlab chiqarish turlarini koʻpaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Hozirgi vaqtda zavod hududida oʻndan ziyod korxona faoliyat yuritib, ularda ikki yarim mingdan ortiq kishi mehnat qiladi. Zavod hududida tashkil etilgan texnoparkda 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 385 million dollardan ziyod boʻlgan 16 korxonani ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Ushbu korxonalarda yiliga 1 million donadan ziyod kir yuvish mashinasi, 1 millionta oshxona plitasi, yana shuncha maishiy sovutkich, savdo rastalari uchun 75 ming dona sovutkich va muzlatkich, 700 mingta elektr suv isitkich, 550 mingta suv nasosi, 80 ming dona sanoat konditsioneri, 2 mingta lift va eskalator, shuningdek, alyumin va bimetall radiatorlar, eshik-rom furnituralari, sendvich-panellar, linolium va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish moʻljallangan. 9 mingga yaqin ish oʻrni yaratish, yiliga qariyb 185 million dollarlik tovarni eksport qilish koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz korxonalar barqaror ishlashi uchun doimiy xaridor kerakligini, chet ellardagi korxonalar bilan kelishib, ularga zarur mahsulot va ehtiyot qismlar tayyorlab berish mumkinligini taʼkidladi. Yangi loyihalar ishlab chiqish, ularni aholining ishga talabi va mavjud resurslardan kelib chiqib, oqilona joylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Toshkent mexanika zavodini ikki bosqichda rivojlantirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga muvofiq, ushbu hududga birinchi bosqichda 500 million dollar, ikkinchi bosqichda yana 500 million dollar, jami 1 milliard AQSH dollari yoʻnaltiriladi. Buning natijasida 20-25 mingta ish oʻrni yaratish moʻljallanayapti.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish va hududiy eksport hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

2019-yilgi Toshkent shahar investitsiya dasturiga umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik loyihalar kiritilgan boʻlib, ularning ijrosi doirasida 1,8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb qilinadi. Dasturga muvofiq, joriy yil birinchi yarmida qariyb 1 milliard dollar mablagʻ oʻzlashtirilib, sanoat, xizmat koʻrsatish, uy-joy qurilishi kabi sohalarda yirik loyihalar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbariga dasturning tumanlar kesimidagi ijrosi, shuningdek, unga qoʻshimcha loyihalar haqida maʼlumot berildi.

Jami 35 million dollarlik ushbu loyihalar evaziga Sergeli tumanida polimer meʼyorlagich va plastifikatorlari, bezakli plita va mozaikalar, Bektemir tumanida LED yoritgichlari, toʻqimachilik buyumlari, Mirzo Ulugʻbek tumanida qurilish materiallari, Yashnobod va Olmazor tumanlarida qandolat mahsulotlari, Yakkasaroy tumanida sport gilamlari, rezinali plitkalar ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi. Bu kabi istiqbolli loyihalar boshqa tumanlarda ham ishga tushiriladi.

Shavkat Mirziyoyev 2020-yilgi investitsiya dasturini hozirdan shakllantirish, unda zamonaviy texnologiyalarni olib kelish hisobiga eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish va yangi ish oʻrinlari yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining talab va ehtiyoji, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olgan holda, Toshkent shahri atrofida yer usti xalqa metro liniyasi, Maxtumquli va Ohangaron koʻchalari kesishmasida uch qavatli zamonaviy koʻprik qurilmoqda.

Taʼkidlash joizki, hozirgacha yurtimizda uch qavatli koʻprik qurilmagan. Mutaxassislar fikricha, poytaxtimizning eng gavjum chorrahalaridan birida qad rostlayotgan bu koʻprik tirbandlikni ancha kamaytiradi. Ayni paytda yangi transport bogʻlamasi Toshkent shahridan Chorvoqqa olib boruvchi yoʻlni 22 kilometrgacha qisqartirib, shu tariqa Chorvoq va Chimyon hududlarini rivojlantirishga zamin yaratadi.

Koʻprik loyihasini “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ishlab chiqqan. Qurilish ishlarini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi ishchilari bajarmoqda.

Loyihaga koʻra, birinchi bosqichda Parkent va Ohangaron shossesiga oʻtuvchi qismda uzunligi 502 metr, kengligi 26,7 metrli tunnel qurilmoqda. Tunnel balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr boʻlib, ikki yoʻnalishda avtomobillar 3 qatorda harakatlanadi.

Ikkinchi bosqich doirasida Qorasuv dahasidan Maxtumquli koʻchasiga chiquvchi yoʻlning mazkur tunnel ustidan oʻtgan qismida aylanma koʻprik qurish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Bu koʻprik orqali toʻrt yoʻnalishda harakatlanish mumkin boʻladi.

Keyingi bosqichda koʻprikning uchinchi qavati barpo etilib, u Maxtumquli va Temur Malik koʻchalarini tutashtiradi. Bugun uning poydevori qurilmoqda. Yoʻl oʻtkazgichning umumiy uzunligi 593, kengligi 30 metrni tashkil etadi, avtomobillar 6 qatorda harakatlanadi.

Shuningdek, Toshkent mexanika zavodida taʼmirlangan samolyotlarni ishbilarmonlik aeroportiga olib borish uchun yoʻl oʻtkazgich qurilmoqda. Bunyodkorlik ishlariga 190 dan ortiq maxsus texnika va avtotransport vositasi, 220 dan ortiq quruvchi safarbar etilgan. Inshootni 2019-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Shu yerda Prezidentimizga yer usti xalqa metro liniyasi hamda Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasi va Sergeli yoʻnalishidagi qurilish jarayoni haqida maʼlumot berildi.

Uzunligi 52,1 kilometr boʻlgan 35 bekatli Toshkent yer usti xalqa metro liniyasi loyihasining qiymati 422,3 milion dollarga teng.

Loyiha besh bosqichda amalga oshirilayapti. Dastlab “Doʻstlik” bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan qism quriladi. 11 kilometrlik masofada 8 bekat bunyod etish moʻljallangan. Ikkinchi bosqichda Qoʻyliq bozori bilan “Olmazor” bekati bogʻlanadi. Soʻng “Beruniy” bekatigacha qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Undan keyin “Bodomzor” bekatigacha boʻlgan qism quriladi. Keyingi bosqichda esa xalqa metro liniyasi yana “Doʻstlik” bekatiga ulanadi.

Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 317,3 milliard soʻmlik kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirish, jumladan, 257,5 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda “Doʻstlik“ – ”Qoʻyliq“ yoʻnalishida qurilish jadal davom etmoqda. ”Doʻstlik” bekati bilan Rohat aylana yoʻli oraligʻida 91 handaq qazilgan, 191 beton qoplama tayyorlangan. 190 ta birinchi pogʻona va 189 ta ikkinchi pogʻona temir-beton poydevori qurilgan, 173 tayanch ustuni, 57 rigel, 191 balka oʻrnatilgan. Elektropoyezdlarning “Oʻzbekiston” deposiga oʻtishi uchun 850 metrli yer osti yoʻlining 158 metri qurilgan, 223 metrli tayanch devorni montaj qilish ishlari toʻliq yakunlangan.

Shu bilan birga, Rohat aylana yoʻlidan “Qoʻylik” bekatigacha boʻlgan oraliqda 150 handaq qazilgan, 150 beton qoplama tayyorlangan. 150 ta birinchi pogʻona va 150 ta ikkinchi pogʻona temir-beton poydevor qurilgan. 150 tayanch ustuni, 104 rigel, 104 balka oʻrnatilgan, 157 metrli tayanch devorni montaj qilish ishlari nihoyasiga yetkazilgan.

“Doʻstlik“ – ”Qoʻyliq” yoʻnalishini joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Bunyodkorlik ishlariga 1000 nafar ishchi-muhandis, 300 dan ortiq texnika vositasi jalb qilingan. Metro qurilishi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Keyingi vaqtlar qancha-qancha uylar qurilayapti, shahar rivojlanayapti. Shuni inobatga olib, jamoat transportini aholiga yanada qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ushbu yer usti liniyasini avtobuslar yoʻnalishlari bilan oʻzaro bogʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezidentimiz Yashnobod tumanining Maxtumquli koʻchasida zamonaviy tibbiyot va ilm-fan yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qurilishini borib koʻrdi. 280 oʻringa moʻljallangan bu muassasada kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, gemodializ, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, pediatriya, reanimatsiya kabi boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi. Markaz loyihasi jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan. Hozir 4 qavatli asosiy davolash korpusi va 3 yordamchi xoʻjalik binosi qurilayapti. Asosiy binoning 1-2 qavatlarida pardozlash, elektromontaj, santexnika, ventilyatsiya, yordamchi xoʻjalik binolarida ichki va tashqi pardozlash ishlari bajarilmoqda.

Yangi tibbiyot muassasasida yiliga 1500 dan koʻproq murakkab operatsiya oʻtkaziladi. 42,3 million dollarlik 381 turdagi eng zamonaviy tibbiy uskunalar keltirilishi koʻzda tutilgan. Bu bolalar kasalliklariga 100 foiz tashxis qoʻyish va davolash imkonini beradi.

Diagnostikadagi xatoliklar, shifokorlar malakasi yetishmagani tufayli bemor bolalar, ularning ota-onalari koʻp qiynalardi, ogʻirroq kasal boʻlsa, nuqsonli boʻlib ham qolardi. Bu markazning eng muhim tomoni shundaki, u mamlakatimizdagi hamma muassasalar uchun bazaviy boʻladi. Telemeditsina orqali uzoq hududlarimizdagi bolalarga ham yordam koʻrsatiladi, dedi Prezident.

Tibbiyot markazini qurish va jihozlash bilan birga, bu yerda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish boʻyicha ham qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha 19 shifokor Janubiy Koreyaning Pusan universitetida malaka oshirib keldi. Joriy yilning avgust oyida 30 hamshira, sentyabr oyida 24 tibbiy texnika va axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassis, noyabr oyida 21 shifokor yuboriladi.

Shuningdek, ushbu muassasa yonida EDCF bilan birgalikda IV darajadagi kattalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi barpo etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari shu loyiha bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 150 million dollar boʻlgan 300 oʻrinli markazda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, rentgenoendovaskulyar xirurgiya, angionevrologiya va ortopediya boʻlimlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan. Yiliga 8 mingdan ortiq texnologik operatsiya oʻtkazish imkoniyati yaratiladi, 764 yangi ish oʻrni ochiladi.

Shavkat Mirziyoyev “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida barpo etilayotgan aeroportni koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yili mazkur loyiha bilan tanishib, fuqaro aviatsiyasi tizimini takomillashtirish yuzasidan koʻrsatmalar bergan, mamlakatimizda ishbilarmonlik aviatsiyasini jonlantirish kerakligini taʼkidlagan edi.

Bugungi kunda aeroport hududida 4 kilometr uzunlikdagi 2 uchish-qoʻnish yoʻlagi, 20 samolyot uchun perron qurilmoqda. Aeroport ikkita terminaldan iborat boʻladi. Birinchi terminalda davlat rahbarlari va hukumat delegatsiyalariga, ikkinchi terminalda soatiga mingta VIP-yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan bino va inshootlar barpo etiladi. Kuniga 100 tonna yukni qayta ishlash, “Boing-787”, “A-320” samolyotlari va “MI-8” rusumdagi vertolyotga texnik xizmat koʻrsatish imkoniyatlari yaratiladi.

Qurilish ishlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ buyurtmasi asosida “Trans yoʻl qurilish maxsus pudrat” MCHJ, “Qurilish-montaj tresti” va “Toshkent koʻpriklardan foydalanish” unitar korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish boʻyicha kompleks ishlarni bajarish uchun Shveysariyaning “B and Contractors S.A.” va “IT Engineering S.A.” kompaniyalari bilan shartnoma imzolangan.

Loyihaning birinchi bosqichini 2020-yilda yakunlash rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishib, chet ellik mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Aeroportni uzoqni oʻylab, sifatli va xavfsiz qilib qurish zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlari hududida qurilgan yangi avtomobil yoʻlini borib koʻrdi. Chirchiq daryosi ustiga qurilgan koʻprik bilan tanishdi.

19,2 kilometr uzunlikdagi yangi qurilayotgan avtomobil yoʻli “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmasi asosida “Toshkent koʻpriklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan barpo etilmoqda.

Uch bosqichda amalga oshirilishi belgilangan mazkur loyiha davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda. 1-2-bosqichga 306 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Birinchi bosqichda avtomobil yoʻlining 12,1 kilometr masofasida yer ishlari, qum-shagʻal aralashmasidan va M-75 markali betondan asos qurish, sunʼiy inshootlar qurish va 2 ta joyda koʻprik qurish ishlari yakunlangan. Avtomobil yoʻli ustiga 9 santimetr qalinlikda yirik donali asfaltbeton va 6 santimetr qalinlikda mayda donali asfaltbeton qorishmasini yotqizish, avtomobil yoʻlining yoritish tizimini hamda piyodalar yoʻlagini qurish ishlari davom etayotir.

Yoʻl 6 polosali boʻlib, zamonaviy andozalar asosida qurilgan. Ikki chetida piyodalar uchun maxsus yoʻlaklar barpo etilgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichida 6,5 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻlini qurish belgilangan boʻlib hozirgi kunda yer ishlari, qum-shagʻal aralashmasidan asos va sunʼiy inshootlarni qurish ishlari bajarilmoqda.

Birinchi va ikkinchi bosqichda belgilangan ishlar joriy yilning toʻrtinchi choragida yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz yoʻllar qurilishini izchil davom ettirish, bu sohada sifatni taʼminlash uchun malakali kadrlar tayyorlash zarurligini taʼkidladi. Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutida Germaniyaning oʻqitish tizimini joriy qilish, shu sohada oʻrta mutaxassislar tayyorlaydigan mintaqaviy kollejlar tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berdi.

 

OʻzA