Senator: “Aholi huzuriga galstuksiz borish haqida oʻylab koʻrmagan ekanman”

Boshqa yana bir senator dehqonlar huzurida dehqonchasiga yurganini aytdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi maʼruzasida xalqimiz hayotiga daxldor dolzarb masalalarga eʼtibor qaratildi.

Ayniqsa, hayotimizdagi ulkan miqyosdagi iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishda milliy parlamentimiz – Oliy Majlis va uning yuqori palatasi boʻlmish Senatning, senatorlarimizning faoliyati gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Senat deganda, birinchi navbatda, milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy salohiyatini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi boʻlgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz, deb alohida qayd etdi.

Darhaqiqat, parlament yuqori palatasi mamlakatimiz hayotidagi barcha jarayonlarda yetakchi oʻrin tutishi, taʼsirchan parlament nazoratini olib borishi, joylarga chiqib, aholini qiynayotgan, bezovta qilayotgan muammolarni oʻrganish, ularni ham qonuniy, ham amaliy nuqtai nazardan hal qilishi zarur.

Shu nuqtai nazardan keyingi bir-ikki yilda senatorlar faoliyatida jonlanish kuzatildi, albatta. Ularning joylarda boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz muloqoti koʻlami kengaydi. Senatorlarni, shu jumladan, deputatlarni odamlar taniy boshladi.

Prezidentimiz Senatdagi chiqishida bu hali yetarli emasligi, odamlarni qiynayotgan muammolar koʻpligiga eʼtibor qaratib, xalq dardiga darmon boʻlish, ularning asl dardini tushunish uchun ularga yanada yaqinroq boʻlish darkorligiga alohida urgʻu berdi. Odamlar dardini anglash uchun ularning oldiga galstuksiz, senatorlik nishonisiz borish kerak, degan fikr bildirildi.

Bu bilan davlatimiz rahbari oddiy odamlar dardini his qilish uchun, avvalo, ularday boʻlish kerakligini uqdirib oʻtdi. Chunki shikasta qalb egasi oʻz qalbdoshini koʻrmaguncha dardini boʻlasha olmasligi mumkin.

Yalpi majlisdan soʻng bildirilgan shu kabi mulohazalardan keyin senatorlar fikri bilan qiziqdik.

– Prezidentimiz har bir chiqishida mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning dardini, orzu-umidini yaxshi bilgan holda ularni amalga oshirishga oid yangi-yangi gʻoyalarni ilgari suradi, – deydi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Tolibjon Madumarov. – Biz ham xalq manfaatiga qaratilgan gʻoyalarni amalga oshirishga kamarbasta boʻlishga intilyapmiz. Biroq, Davlatimiz rahbari bildirgan fikrlardan keyin hali kamchiliklarimiz koʻpligini tushundik. Odamlarni faqat eshitish emas, ularning dardini his qilish uchun har birining yoniga oddiy odam boʻlib borishimiz, yaʼni galstukni, senator nishonini yechgan holda borishimiz kerakligi haqida oʻylab ham koʻrmagan ekanman. Darhaqiqat, qanday vazifa va vakolat egasi boʻlishimizdan qatʼiy nazar, har birimiz, avvalo, oddiy odammiz. Shu fikrdan keyin dardini ayta olmayotgan qancha kishilar borligi haqida oʻyladim va bu meni qattiq bezovta qildi. Keyingi faoliyatni koʻproq shu yoʻsinda olib borishni niyat qildim. Oʻzi navbatida, Davlatimiz rahbarining dilimizdagi ayrim mulohazalarni tilga olgani, yaʼni bevosita senatorlarning Prezidentga tashabbus bilan chiqishni yoʻlga qoʻyishga oid fikri bizni juda ruhlantirdi. Bu bizga boʻlgan katta ishonch hamdir.

Senat yalpi majlisidagi chiqishida Prezidentimiz ob-havoning noqulay kelgani, ayniqsa paxta ekkan fermerlar bugun yordamga muhtoj ekanini tilga oldi. Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Bahodir Tojiyev bilan shu haqda muloqot qilish maqsadida bogʻlanganimizda u yalpi majlis tugashi bilan viloyatlarga chiqib ketganini maʼlum qildi.

Senator bilan telefon orqali suhbatimizda u Xorazm viloyatida dehqonlar huzurida dehqonchasiga yurganini aytdi.

– Prezidentimiz yalpi majlisdagi nutqida agrar sohadagi muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi. – deydi B.Tojiyev. – Darhaqiqat, bahorning seryogʻin kelgan dehqonchilikka ancha putur yetkazdi. Bugun agrotexnik tadbirlarni kuchaytirib, dehqonlarga yelkadosh boʻlishimiz zarur. Shu maqsadda qoʻmitamiz aʼzolarining viloyatlar boʻylab safarlari tashkil etildi. Har bir fermer huzurida boʻlib, mavjud ahvolni chuqur oʻrganib, qanday yordam zarur boʻlsa berishimiz kerak. Oʻz navbatida, parlament nazoratidan unumli foydalanib, yerlardan qanday foydalanilayotgani ham eʼtibordan chetda qolmayapti. Turli sabablarga koʻra hokimliklar tasarrufiga oʻtib ketayotgan yer maydonlarini haqiqiy egalariga berish, dehqonchilikni rivojlantirish orqali xalqimiz dasturxonini toʻkin qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilgan yangi vazifalar Senatda yangi yondashuv asosida faoliyatni davom ettirishga katta turtki berdi. Natijalarni kuzatib boramiz.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA