BISHKEK SAMMITI: SHHT doirasidagi manfaatli hamkorlikning besh ustuvor mezoni

“SHHT roli va mavqeini yanada mustahkamlash bizning “Shanxay ruhi” hamda tashkilot tamoyil va qadriyatlariga nechogʻli amal qilishimizga bogʻliq boʻladi”. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13-14-iyun kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining oʻn toʻqqizinchi majlisida soʻzlagan nutqida shunday deb taʼkidladi.

Ushbu muhim mintaqaviy tadbir doirasida Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil topganining 18 yilligi nishonlandi. Maʼlumki, Xitoy, Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlatlari SHHTning ilk olti aʼzosi hisoblanadi. Keyingi bosqichda, 2017-yili yana ikki mamlakat – Hindiston va Pokiston ushbu tashkilot safiga qoʻshildi.

Hozirgi vaqtda SHHTda 8 ta aʼzo-davlat, 4 ta kuzatuvchi-davlat va 6 ta muloqot uchun hamkor-davlat faoliyat yuritmoqda. Boshqacha aytganda, u Yevroosiyoning beshdan uch qismini va dunyo aholisining qariyb yarmini qamrab olgan.

Buni raqamlarda ifoda etadigan boʻlsak, SHHT tarkibidagi mamlakatlarning umumiy maydoni 34 mln. kvadrat kilometrdan iborat. Bu ulkan makonda 3,2 milliard aholi yashaydi.

Shu tariqa ushbu tashkilot jugʻrofiy jihatdan va aholi soni borasida jahonning eng yirik tuzilmalaridan biriga aylandi. Oʻtgan davrda SHHTga aʼzo davlatlar turli sivilizatsiyalar toʻqnashuvi, “sovuq urush” va boshqa har xil salbiy yondashuvlardan voz kechdi. Tashkilotning barcha aʼzolari oʻzaro hurmat, teng huquqlilik, adolat va manfaatli amaliy hamkorlik tarafdoridir.

Eng muhimi, mazkur mintaqaviy tashkilot barqaror va sogʻlom ruhda rivojlanmoqda. Bugungi kunda Xitoy bilan SHXTga aʼzo boshqa davlatlar oʻrtasidagi savdo aylanmasi 20 barobar ortgan. Bu koʻrsatkich 2018-yil yakunlari boʻyicha 12 milliard AQSH dollaridan 255 milliard dollarga yetdi. Jahon yalpi ichki mahsulotining 20 foizdan ziyodi SHHTga aʼzo davlatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida dunyodagi geosiyosiy vaziyatga baho berar ekan, zamonaviy xalqaro munosabatlar tub oʻzgarishlar davrini boshdan kechirayotgan hozirgi paytda “Shanxay ruhi” tushunchasi qanchalik ahamiyatli ekaniga eʼtibor qaratgani bejiz emas. Binobarin, aynan ushbu tashkilotga asos solinishi xalqaro munosabatlar tizimiga “Shanxay ruhi”ni olib kirdi.

Mazkur tushuncha SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar rivojida oʻziga xos oʻrin tutadi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taʼbiri bilan aytganda, “Shanxay ruhi”: oʻzaro ishonch, oʻzaro manfaat, tenglik, maslahat, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy rivojlanish istagi – ana shular SHHTning asosiy gʻoyasidir”.

Bugungi kunda SHHT koʻp tomonlama izchil hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali jahon iqtisodiyoti taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Shu munosabat bilan yaqinda Pekinda “Bir makon, bir yoʻl” forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilganini taʼkidlash lozim. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlarining dengiz portlariga bevosita chiqishini hal qilish va mintaqamizni Sharqdan Gʻarbga, Shimoldan Janubga qadar bogʻlovchi qitʼalararo magistral chorrahaga aylantirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Oʻz navbatida, Bishkek sammiti – SHHT doirasidagi hamkorlik jarayonlarida yana bir muhim marrani zabt etish nuqtasi sifatida eʼtirof etildi. Bunday amaliy muloqotlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “mintaqamizda zamonaviy taraqqiyotning eng muhim masalalari boʻyicha yondashuvlarni moslashtirishga xizmat qiladi”.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida, shuningdek, bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlar uchun, bir tomondan, xavfsizlikni taʼminlashda kelishilgan siyosatni yuritish, ikkinchi tomondan, davlatlarimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish muhim ekaniga toʻxtaldi.

Chindan ham, oʻtgan davrda SHHTga aʼzo davlatlar qariyb 1 ming 400 ta hujjat imzolagan. Shundan 46 foizi – bevosita xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, atigi 7 foizi koʻp tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish masalalariga taalluqlidir.

Ushbu ikkita raqamni oʻzaro taqqoslang: xavfsizlik va iqtisodiyot sohalarida SHHT doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari oʻrtasida muayyan nomutanosiblik mavjudligi shundoq koʻrinib turibdi.

Eng muhim vazifa: SHHTning turli yoʻnalishlardagi faoliyati mezonlarini oʻzaro muvofiqlashtirish, uygʻunlashtirish lozim.

Shu maʼnoda, sammit yakunlari boʻyicha SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida turli sohalardagi sheriklikni rivojlantirishga doir 22 ta hujjat imzolangani juda muhim. Jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining taklifi asosida Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugun SHHT oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Ilk bosqichda asosiy eʼtibor chegara muammolarini hal qilishga qaratilgan boʻlsa, endilikda oʻzaro hamkorlikning koʻlamlari va miqyoslari tubdan kengaydi.

Bishkek sammitida SHHT doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari haqida atroflicha soʻz yuritilganini xuddi shu tarixiy voqelik bilan izohlash oʻrinlidir.

Oʻzbekiston Prezidenti “SHHTni rivojlantirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqish gʻoyasini ilgari surdi. Bunda, beshta ustuvor mezonga tayangan holda, SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadga muvofiq ekaniga eʼtibor qaratildi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning birinchi mezoni – iqtisodiyot. Bu oʻrinda aholi farovonligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga doir qoʻshma loyihalarni hayotga chuqur tatbiq etish haqida soʻz bormoqda.

Buning natijasida mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatbardoshligi oshadi. Aholi, avvalambor, yoshlar uchun yanada koʻproq yangi ish joylari tashkil etish mumkin boʻladi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Markaziy Osiyo bundan keyin ham SHHTning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolishi zarurligini taʼkidlagani gʻoyat ahamiyatlidir.

Chunki bugungi kunda mintaqamiz nisbatan barqaror, ishonchli va iqtisodiy jihatdan mustahkam boʻlib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, keng miqyosli hamkorlikni rivojlantirish, muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay sharoit va noyob imkoniyatlar yaratadi.

Oʻzaro aloqalar, samarali iqtisodiy va transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha SHHT Hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish zarurligi alohida taʼkidlandi. Prezidentimizning fikricha, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi oʻzaro savdoni rivojlantirish va SHHT doirasidagi hamkor mamlakatlarga investitsiyalar oqimini oshirishga kuchli turtki beradi.

Davlatimiz rahbarining Bishkek sammitidagi ushbu tashabbusi nafaqat yurtimiz, balki mintaqa va dunyo jamoatchiligi tomonidan ham katta qiziqish bilan kutib olindi. SHHT doirasidagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan Oʻzbekistonning yangi tashabbuslariga bunday keng qiziqish va katta eʼtibor zamirida, albatta, muayyan omillar oʻz mujassamini topgan.

Birinchidan, mamlakatimiz rahbarining koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflari, xususan, SHHTning 2017-yili Ostonada va 2018-yili Sindaoda boʻlib oʻtgan sammitlarida ilgari surgan tashabbuslari toʻla qoʻllab-quvvatlandi hamda izchil amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, SHHT doirasida tashkil etiladigan turli maqomdagi uchrashuvlarga, asosli ravishda, oʻz strategik maqsadlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay maydon sifatida yondashadigan Oʻzbekiston uchun SHHT mintaqasidagi transport kommunikatsiyalari mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida muhim omil hisoblanadi.

Uchinchidan, Bishkek anjumani kun tartibidagi dolzarb ahamiyatga molik mavzular qatorida transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, xususan, SHHT makonidagi mavjud transport yoʻlaklaridan foydalanishning samaradorligini oshirish va yangi transport yoʻlaklarini barpo etish istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi.

Agar SHHT makonidagi avtomobil yoʻllarining uzunligi 13 mln. kilometrdan iborat boʻlib, bu butun dunyodagi avtomobil yoʻllarining 20 foizini tashkil etishi, qolaversa, ushbu makon 244 ming kilometrlik temir yoʻllarga ega ekani inobatga olinsa, transport yoʻlaklari boʻyicha mavjud umumiy salohiyatimiz nihoyatda ulkanligi oydinlashadi.

Ammo, hozirgi vaqtda jahon miqyosida tashiladigan tovarlar miqdorining atigi 2-3 foizigina SHHT makonidagi ana shu temir yoʻllar orqali oʻtmoqda, xolos. Bu koʻrsatkich, albatta, ayni sohadagi hamkorligimiz hozircha maqtangulik darajada emasligini koʻrsatadi.

Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish – davr talabidir. Shu maqsadda SHHTning Iqtisodiy forumini muntazam oʻtkazish tarafdorimiz, dedi Prezidentimiz. Shunday anjumanlarning dastlabkisini Samarqand shahrida oʻtkazish taklif qilindi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning ikkinchi mezoni – ekologiya. “Yashil” texnologiyalar va agroinnovatsiyalarni tatbiq etish masalalarini ham xuddi shu mezon oʻzida qamraydi.

Davlatimiz rahbarining “aqlli” qishloq xoʻjaligi texnologiyalari va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasida oʻzaro hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusi ana shu ezgu niyatlar roʻyobiga qaratilgan.

Mamlakatlarimizda zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida SHHTning “Yashil belbogʻ” dasturini qabul qilish dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaydi Oʻzbekiston Prezidenti.

Afsuski, bugun yer yuzida suv zaxiralarining taqchilligi, sifatli ichimlik suf manbalarining kamayishi, yerlar degradatsiyasi, bioxilma-xillikka putur yetishi, jiddiy iqlim oʻzgarishlari kabi salbiy omillar global tus olgan. Bu esa millionlab insonlar hayotiga xavf va tahdid solmoqda.

Bunday achchiq misollardan biri mintaqamizdagi Orol fojiasi boʻlib, qurigan dengiz tubidan har yili 100 million tonnalab chang va tuz havoga koʻtarilmoqda. Bu zararli gʻuborlar minglab kilometr masofaga tarqalmoqda.

Davlatimiz rahbari aytganidek, “biz Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologik farovonligi va iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz”.

Ayni paytda mazkur muammoni hal etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik Trast fondi tashkil etilgan. Oʻzbekiston bu yerda Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi yaratish boʻyicha yaqin hamkorlik qilishni istaydi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning uchinchi mezoni – axborot sohasi. Davlatimiz rahbari SHHT makonidagi barcha mamlakatlarning axborot texnologiyalari rivojlanishiga masʼul idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini joriy etish taklifi bilan chiqdi.

Kiberxavfsizlik masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik dasturini ishlab chiqish gʻoyasi ham diqqatga loyiqdir. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi asosida SHHTga aʼzo mamlakatlarning Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning toʻrtinchi mezoni – gumanitar hamkorlik. Sayyohlik va madaniyat sohalarida rang-barang va serqamrov dasturlarni amalga oshirish, “xalq diplomatiyasi” imkoniyatlaridan yanada keng foydalanish ham shu jumlaga kiradi.

Oʻzbekiston SHHT doirasida parlamentlararo muloqotni tiklashga doir tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu yangi mexanizm tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, SHHT faoliyatiga parlamentariylar, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Prezidenti yana bir yaxshi anʼanaga asos solish taklifi bilan chiqdi. Bu – har yili tashkilotda raislik qiluvchi mamlakatdagi shaharlardan birini “SHHTning sayyohlik va madaniyat poytaxti”, deb eʼlon qilish tashabbusidir.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “SHHT shahar va mintaqalarining tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va turistik salohiyatini yanada toʻliq namoyon etish muhim”.

Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Yoshlar kengashiyigʻilishida ilgari surilgan tashabbuslardan kelib chiqqan holda, SHHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlariga doir 2019-2020-yillarga moʻljallangan dasturning 5 ta loyihasi Oʻzbekistonda amalga oshiriladigan boʻldi.

Xususan, “Startaplar forumi”, “PROlogue” V xalqaro kinofestivali, “Doʻstlik uchun!” velomarafoni, SHHT yoshlarining qishki oromgohi, havaskor yoshlarning futbol boʻyicha birinchi chempionati va voleybol boʻyicha turniri Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etiladi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning beshinchi mezoni – xavfsizlik. Mintaqamiz, umuman, SHHT makonidagi barqarorlik koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyat bilan uzviy bogʻliqdir.

Hozirgi vaqtda SHHTga aʼzo davlatlar Afgʻoniston bilan asosan ikki tomonlama bitimlar negizida hamkorlik qilmoqda. Bir qancha loyihalar boʻyicha ushbu mamlakatning energetika va infratuzilmalar tizimlarini tiklash hamda rivojlantirishga koʻmaklashilmoqda. Kelgusida Afgʻoniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishda koʻp tomonlama shartnomalarga tayanish muhim samaralar berishi tayin.

Shu nuqtai nazardan, Bishkek sammiti yakunida qabul qilingan “SHHT – Afgʻoniston” Muloqot guruhining harakatlariga doir “Yoʻl xaritasi” alohida diqqatni tortadi. Ushbu mamlakat bilan yaqin hamkorlikda ustuvor infratuzilma loyihalarini ilgari surish orqali Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish rejasi ham muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi”.

Xulosa qilib aytganda, Bishkek sammitida SHHT makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, taraqqiyot va farovonlikni oshirishga yoʻnaltirilgan yangi hamda yuksak marralar belgilab olindi. Bu marralarga erishish, bir tomondan, tashkilotning uzluksiz rivojlanishi va mustahkamlanishiga koʻmaklashsa, ikkinchi tomondan, SHHT makonida istiqomat qiladigan koʻpsonli aholining tinch va toʻq, sogʻlom va obod yashashiga xizmat qiladi.

Akmal Saidov,

akademik

 

OʻzA