Oʻzbekiston Bosh prokurori Afgʻoniston Bosh prokurori bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov Afgʻoniston Islom Respublikasi Bosh prokurori Moxammad Farid Xamidi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga prokuratura organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Bosh prokuraturasi oʻrtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yoʻlga qoʻyish va shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligi taʼkidlandi.
Suhbat asnosida oʻzaro manfaatli boʻlgan keng qamrovli masalalarni muhokama qilindi va idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari boʻyicha fikr almashildi. Xususan, Afgʻoniston prokuraturasi organlari xodimlarini Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Akademiyasida oʻqitish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Bosh prokuraturasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv va hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Ushbu hujjatning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilgʻor tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini yangi bosqichga koʻtaradi.
Afgʻoniston delegatsiyasining tashrifi shakllangan sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash yoʻlida muhim qadam ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida janob M.Xamidi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, oʻzaro manfaatli idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

 

OʻzA