Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi oʻrinbosari bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Rozmeri DiKarloni qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan BMT institut va muassasalari oʻrtasidagi Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga qaratilgan koʻp qirrali sheriklik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashning dolzarb masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Orol fojiasi oqibatlarini, jumladan, BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik Trast fondi doirasida bartaraf etish boʻyicha faol saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Rozmeri DiKarlo samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
BMTning yuqori martabali vakili Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish boʻyicha missiya muvaffaqiyatli amalga oshirilganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida ustuvor loyiha va dasturlarni birgalikda ilgari surish orqali oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.

 

OʻzA