O‘zbekiston-Xitoy: frontal yuk ortish texnikalari sohasida hamkorlikka kirishdi

O‘zbekiston-Xitoy: frontal yuk ortish texnikalari sohasida hamkorlikka kirishdi

Xitoyning “XCMG” korxonalar tarmog‘i maxsus texnika ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egallaydi. Korporatsiya tuzilmasi 26 ta sho‘ba korxona va 5 ta ilmiy-tadqiqot markazidan iborat. “XCMG” mahsulot sotish tarmog‘i dunyoning 183 mamlakatini qamrab olgan. Yillik eksport hajmi 1,6 milliard AQSh dollaridan ziyod. Kompaniya o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Toshkentda 11 iyun kuni O‘zbekiston – Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash maqsadida frontal yuk ortish texnikalari sohasida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda transport-logistika, tranzit va yuk tashishdagi samaradorlikni oshirishga xizmat qiladigan texnikalar taqdimoti, ushbu yo‘nalishdagi O‘zbekiston – Xitoy biznes doira vakillari hamkorligi masalalari muhokama qilindi.
– Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – deydi “XCMG” korporatsiyasi vitse-prezidenti Van sinju. – Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
“XCMG” frontal yuk ortish texnikalari ko‘chmas mulk, neft-gaz ob’ektlari, yo‘l va suv inshootlari qurilishida, shuningdek, elektrlashtirish, foydali qazilmalarni qidirish, qazib olish, infratuzilmani modernizatsiya qilishda keng foydalaniladi. Kompaniya mahsulotlariga bo‘lgan yuqori talab nafaqat sifat ko‘rsatkichlari, balki servis xizmati mavjudligi bilan ham bog‘liq. Bugungi kunda hamkorlik doirasida kadrlar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalliy kadrlarning Xitoydagi XCMG zavodlarida, ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarida muntazam ravishda tajriba almashishlari tashkil qilinmoqda.
Anjumanda uy-joy fondi ob’ektlarini modernizatsiya qilish, ta’mirlash va qurish sohasida zarur texnikalarni yetkazib berish bo‘yicha “XCMG” korporatsiyasi bilan mamlakatimizdagi “Texnika Advans Servis” kompaniyasi o‘rtasida ikki tomonlama bitim imzolandi.
Sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish, xususan, 2019 yilda “XCMG” frontal yuk ortish texnikalari yangilangan tarmog‘ini ishlab chiqarish va O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

 

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA

  12.06.2019, 09:49  |    142 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!