Shavkat Mirziyoyev YETTB prezidentini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasidagi sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, oʻzaro manfaatli hamkorlik jadallashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oxirgi ikki yilda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut rahbari mamlakatimizga uchinchi bor tashrif bilan kelgani oʻzaro almashinuvlar faollashganidan dalolat beradi.

Oʻtgan yil oktyabr oyida bankning Oʻzbekiston boʻyicha mamlakat strategiyasi qabul qilindi. YETTB ekspertlari koʻmagida energetika, bank va moliya sohalari, kapital bozorini rivojlantirish va mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash boʻyicha islohotlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Qoʻshma loyihalar portfeli kengaymoqda. Zayom kelishuvlari imzolanib, qiymati jami 600 million dollardan ziyod kredit mablagʻlarini jalb etgan holda mamlakatimiz hududlarida energetik va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda. Xususiy sektor loyihalariga 100 million dollardan ziyod investitsiya kiritildi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 800 million dollarga yaqin boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik istiqbolli dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.

YETTBning Toshkent shahridagi vakolatxonasi faol ishlamoqda, uning Andijon shahrida va mamlakatimizning boshqa hududlarida filiallarini ochish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, jumladan, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini va kreditlarni oʻzlashtirishni tezlashtirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga koʻrsatilayotgan koʻmakni kengaytirish masalalari batafsil koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashini tashkil etish va uning birinchi majlisiga tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

YETTB rahbari samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning surʼati, koʻlami va amaliy natijalarini yuksak baholadi.

Suma Chakrabarti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston Respublikasi bilan koʻp qirrali sheriklikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va davom ettirish borasida qatʼiy ekanini taʼkidladi.

1.jpg
2.jpg

 

OʻzA