O‘zbekiston – Belarus: Xavfsizlik sohasida hamkorlik

Toshkentda 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan Belarus Respublikasi Xavfsizlik kengashi davlat kotibiyati o‘rtasida ikki tomonlama maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakat xavfsizlik, mudofaa sanoati majmuasi, tahliliy muassasalar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning sa’y-harakatlari sabab o‘zaro ishonch, davlatlararo munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishda mustahkam poydevor yaratgani ta’kidlandi. Buning natijasida O‘zbekiston – Belarus munosabatlari barcha sohada jadal taraqqiy etib borayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston – Belarus munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlikning ko‘plab yo‘nalishlaridagi ishlarni amaliy mazmun bilan boyitdi. Qisqa davrda shartnomaviy-huquqiy baza mustahkamlandi, mudofaa, mudofaa sanoati idoralari, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar o‘rtasida rejalar ishlab chiqish tajribasi joriy qilindi, birgalikda amaliy harakatlanish ishchi mexanizmlari yaratildi.
Maslahatlashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan Belarus Respublikasi Xavfsizlik kengashi davlat kotibiyati o‘rtasida 2017 yilda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ijrosi, ikki mamlakat o‘rtasida2019-2020 yillarga mo‘ljallangan xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Belarus delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi maxsus amaliyotlar bataloni, Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqo‘shin poligoni, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Chimyondagi ob’ektlari, shuningdek, qutqaruv guruhlarining tog‘ sharoitida insonlarni evakuatsiya qilish jarayoni bilan tanishish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda birgalikda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Belarus Strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

G‘.XONNAZAROV, O‘zA