O‘zbekistonda endilikda energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi

Elektrotexnika sanoatida 71 ta loyiha amalga oshiriladi.
Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul (PQ–4348, 30.05.2019 y.) qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Qaror bilan elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Unga muvofiq, endilikda energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Qaror bilan, 2019–2020 yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
“Yo‘l xaritasi” doirasida, elektrotexnika tarmog‘ida misni qayta ishlash quyidagi miqdorlarga yetkaziladi:
• 2019 yilda – 44 ming tonnagacha;
• 2020 yilda – 49 ming tonnagacha;
• 2021 yilda – 55 ming tonnagacha.
Qarorga muvofiq, 2019–2021 yillarda elektrotexnika sanoatida 71 ta loyihaamalga oshiriladi va mazkur loyihalar uchun 558 mlrd 947 mln dollarsarflanadi.
Qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 iyuldan:
• elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qo‘llaniladi;
• budjet hisobidan quriladigan ob’ektlar uchun respublikada ishlab chiqariladigan elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi;
• elektrotexnika korxonalarining eksport bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning muddati 180 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 120 kun);
• elektrotexnika korxonalarining o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari bo‘yicha to‘langan pul mablag‘larini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 180 kun);
• elektrotexnika mahsulotlari uchun kreditlarning 1 mln dollardan oshmagan qismining foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, lekin kredit stavkasining 5 foizlik punktidan oshmagan miqdorda ikki yil qoplanadi.
Qaror bilan 2019–2021 yillarda mahalliylashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar tasdiqlandi.
Blender, mikser, elektr sharbat chiqargich, elektr go‘sht qiymalagich, soch quritgich, kompyuter va noutbuklar shular jumlasidandir.

 

O‘zA