Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari bitta oltin va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdiVetnamda boks bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bitta oltin va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoamizni tegishli tashkilot va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali kutib oldi.

Mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlanishi va munosib ishtirok etishi, terma jamoalarni yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim omil bo‘layotir.

9.jpg

Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilgan xotin-qizlar o‘rtasidagi qit’a chempionatida yigirmaga yaqin davlatdan yuzdan ziyod charm qo‘lqop ustalari sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi.

Iqtidorli sportchimiz Go‘zal Ismatova vazni 81 kilogrammdan ortiq bo‘lgan bokschilar bahsida raqiblarini katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

– G‘alabam sharafiga davlatimiz madhiyasi yangrab, Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetayotganimdan g‘ururlanib ketdim, – deydi Osiyo chempioni G.Ismatova. – Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning, jumladan, qizlarning sport bilan shug‘ullanishi, iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.

Osiyo chempionatida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Yodgoroy Mirzayeva va E’zozaxon Meliyeva bronza medalni qo‘lga kiritdi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA