Shavkat Mirziyoyev: Asosiy maqsad - mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-may kuni ilm-fan va oliy taʼlim sohasini rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Unda 24-may kuni Oʻzbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan boʻlgan uchrashuvda aytilgan takliflar va dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Oʻsha uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga doir takliflarni muhokama qilish uchun maxsus maydon yaratish maqsadida Respublika fan va texnologiyalar kengashini tashkil etishni taklif qilgan, olimlar buni qoʻllab-quvvatlagan edi.
Yigʻilishda mazkur kengashning asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, sohaga oid davlat dasturlarini shakllantirish va markazlashgan tartibda moliyalashtirish orqali ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixtisosliklar boʻyicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini koʻtarish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyotda yuqori samara beradigan va ijtimoiy masalalarni oqilona hal etishga qaratilgan yoʻnalishlar belgilanib, ularni rivojlantirishga masʼullar biriktirildi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti negizida ilmiy maktablar yaratish, nanotexnologiyalar, materialshunoslik, yarimoʻtkazgichlar fizikasi, biofizika va bioximiya, biotexnologiyalar boʻyicha olimlar avlodini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, olimlar bilan uchrashuvda toʻrtta yoʻnalish boʻyicha doimiy komissiyalar tuzishga kelishib olingan edi. Bu galgi yigʻilishda mazkur komissiyalarning vazifalari, komissiya aʼzolarining ish tartibi va masʼuliyati belgilandi.
Birinchi komissiya ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini doimiy tahlil qilib, mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy yordam koʻrsatadi.
Ikkinchi komissiya oliy taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayoni hamda taʼlim sifatini tahlil qiladi va unga baho beradi.
Uchinchi komissiya oliy oʻquv yurtlaridagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, 5 ta tashabbusning amalga oshirilishini tahlil qiladi.
Toʻrtinchi komissiya oliy taʼlim va ilm-fan sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizda mutaxassisligi boʻyicha faoliyatga jalb qilish boʻyicha ish olib boradi.
be271b2a-6b08-e93c-e799-b9daad4160ed.jpg
– Bu ishlardan asosiy maqsad mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish. Xomashyo va uni qayta ishlash bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Qolaversa, ishlab chiqarishda qoʻshimcha qiymat olish uchun ham innovatsiyalar kerak. Shu bois ilm-fan taraqqiyotimizning muhim yoʻnalishi, tayanchi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Akademik olimlar, professor-oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, talabalarga zamonaviy shart-sharoit yaratish, ular orasidan boʻlajak ilm-fan vakillarini topib, kamolga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini aniq belgilab, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

 

OʻzA