Esselar tanlovi Prezidentimiz nutqiga bag‘ishlandi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari o‘rtasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqiga bag‘ishlangan esselar tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yaxshilash, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni faollashtirishga xizmat qilayotir. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilinayotgan qaror, farmon, qonun va qonunosti hujjatlar muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi jamiyatni isloh qilishning har tomonlama tahliliga bag‘ishlangani bilan alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun mazkur nutqning mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganish davlat va jamiyat oldida turgan vazifalarni atroflicha tahlil qilish, olib borilayotgan islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini beradi.

Mazkur nutqda ilgari surilgan fikrlar mohiyati yuzasidan bo‘lib o‘tgan esselar tanlovi ham bevosita yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularga mamlakatimizda ro‘y berayotgan islohotlarning ahamiyatini tushuntirish hamda universitet talabalarining ijodiy va ilmiy ishlarini rag‘batlantirish maqsadida tashkillashtirildi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, San’atbek Muzaffarov birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Sherzod Burxonov hamda Zulxumor Orifjonovaga nasib etdi. So‘g‘diyona Bozorova, Dildora Oxunjonova va Dilafro‘z Abdujalilova uchinchi bo‘ldi.

– Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida globallashuv sharoitida e’tibor qaratilishi zarur yo‘nalishlar belgilab berilgan, – deydi S.Muzaffarov. – Tanlovda Prezidentimizning nutqida e’tibor qaratilgan mintaqaviy barqarorlik va millatlararo totuvlik yo‘nalishidagi ijodiy ishim bilan qatnashdim. Bu kabi tanlovlar biz talabalarning bilimini boyitishga xizmat qiladi.

Tanlov ishtirokchilari Prezidentimizning «Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz» nomli kitobi, diplom va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

  11.11.2017, 08:11  |    412 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!