G‘oyalar generatori, startaplar, nanotexnologiyalar – Innovatsion rivojlanish vazirligi qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?

Prezidentimiz tashabbusi bilan Talabalar shaharchasida Innovatsion rivojlanish vazirligi binosi barpo etilmoqda. 
Davlatimiz rahbari 2017 yil 2 dekabr kuni mazkur qurilish maydoni bilan tanishib, mamlakatimizda yetakchi soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar bergan edi.
Bugungi kunda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlari aniqlash, xorijning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ixtisoslashgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, texnoparklar va boshqa innovatsion tuzilmalar tashkil etish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish yuzasidan tizimli chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.
d8e71d35-379c-443b-e1cd-fda4cf92bbde.jpg
Ayni paytda besh qavatli bino qurilishi davom etmoqda. Vazirlikda iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion ehtiyojlarini o‘rganish, yoshlar innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy ta’lim kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Yangi ishlanma va texnologiyalar namoyishi, startap loyihalar iqtidorli yoshlarda ilmiy-tadqiqot ko‘nikmalarini shakllantirishda yordam beradi.
Binoning birinchi qavatida kutubxona, amfiteatr, xoll, ko‘rgazmalar zali joylashadi. Yuqori qavatlarda kovorking va startap hududlar, internet laboratoriyalar, anjumanlar zallari bo‘ladi. Aerokosmik laboratoriya, ustaxona, reklama agentligi ham tashkil etiladi.
e6a38c9a-4901-4854-2887-b2f4ed9e006a.jpg
Prezidentimiz bunyodkorlik ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.
– Vazirlikni bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirmadik. Bu yerdagi oliy o‘quv yurtlarida minglab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar bor. Ularni jalb etib, ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak. Innovatsion rivojlanish vazirligi bu borada ilmiy markaz, baza bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Vazirlik bog‘i dizayniga ham innovatsion yondashilgan bo‘lib, bu yerga kelganlar miniaturali innovatsiyalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Boqqa internet tarmog‘iga ega o‘rindiqlar, quyosh panelli yoritkichlar, havo tozalash ustunlari, mobil uskunalarni quvvatlovchi qurilmalar o‘rnatiladi, bruschatkali yo‘laklar tunda o‘zini o‘zi yoritadi.
fdef9ae8-bfa7-7832-c2ec-5f62fb1b49b5.jpg
Shu yerda vazirlik va Jarayonlarni avtomatlashtirish milliy assotsiatsiyasi – NAPA tomonidan xorijiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan innovatsion texnopark taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Barcha sohada globallashuv jarayoni shiddat bilan ketayotgan bugungi kunda ilmni ishlab chiqarishga bog‘lash muhim zaruratga aylandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’lim sohalari uchun maqbul muhit va infratuzilmalarni yaratish maqsadida NAPA bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Yangi texnologiyalar yaratish va transfer qilish uchun vazirlikka ko‘makchi sifatida “NAPA Team” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilmoqda. Ushbu korxona innovatsion g‘oyalarni pishitib, ularni startap mahsulotga aylantiradi va kelgusida iqtisodiyotga yo‘naltiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu faoliyatdan yiliga 1 million dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.
Prezidentimiz g‘oyalar o‘z-o‘zidan ishlab chiqarishga yetib bormasligini, buning uchun mablag‘, xaridorini topish uchun ko‘mak zarurligini ta’kidladi. Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda tajribadan o‘tgan innovatsiyalarni jalb etish, xorijda yurgan salohiyatli tadqiqotchilarni chaqirish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.

 

Matnazar ELMURODOV, O‘zA