Nukusda “Ilm yulduzlari” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston xotin-qizlarining “Olima” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tanlov ilm-fan sohasida mehnat qilayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan. 

Tadbir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi va oliy o‘quv yurtlarida mehnat qilayotgan olima ayollarning ilmiy izlanishlari, yaratgan metodik qo‘llanmalari, kitoblari, ishlanma va loyihalari ko‘rgazmasi bilan boshlandi.

– Tanlovning dastlabki bosqichida ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 12 ayol ishtirok etgan edi, – deydi “Olima” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tamara O‘serboyeva. – Ular orasidan g‘oliblikka erishgan 5 nafari tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida o‘z ilmiy ishlari, ishlanma va loyihalarini taqdim etdi.

Gulnora Allambergenova yosh bo‘lishiga qaramay, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialining “Agronomiya” bo‘limida talabalarga dars berish barobarida ilmiy ish bilan mashg‘ul. U foydali jonzotlarni laboratoriya usulida ko‘paytirish orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashish va ekologik toza mahsulotlar yetishtirish ustida ilmiy izlanish olib bormoqda.

Tanlovga taqdim etilgan har bir ilmiy ma’ruza atroflicha o‘rganilib, hay’at a’zolari tomonidan munosib baholandi.

“O‘rta maxsus ta’lim tizimida fizika fanini o‘qitish metodikasi” mavzusidagi ilmiy ishi bilan qatnashgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining Fizika fanini o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Guljahon Qarliboyeva g‘olib bo‘ldi. U tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA