Qozog‘iston: Prezident saylovi qanday o‘tadi?

Xabaringiz bor, 2019 yil 9 iyunda Qozog‘iston Respublikasida Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.
Har bir mamlakat ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ushbu siyosiy jarayonga mamlakatda qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda? Prezidentlikka nomzodlar orasida davlat rahbarligi uchun kechayotgan kurash jarayoni qanday kechmoqda?
Toshkent shahrida joylashgan Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan brifingda shu kabi savollarga javob berildi.
Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi jurnalistlarga saylov jarayoni bilan bog‘liq hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari haqida ma’lumot berdi.
IMG_4324.JPG элчихона Каз.JPG
Elchi o‘z so‘zida Qozog‘istonning mustaqillikka erishishi, davlat sifatida shakllanishi va taraqqiy etishida muhim rol o‘ynagan birinchi Prezident Nursulton Nazarboev haqida to‘xtalib o‘tdi. Zamonaviy va progressiv Qozog‘istonni barpo etishda uning ulkan o‘rni borligini alohida qayd etdi.
Qozog‘istonda o‘tgan avvalgi saylovlarda xalq ishongan va suyangan shunday elboshi bo‘lgani uchun ham u mutloq g‘alabaga erishgan. Biroq bu galgi saylov oldingi saylovlardan tubdan farq qiladi. Nomzodlar sonining ko‘pligi, ularning har birining ilgari surayotgan o‘ziga xos g‘oyalari, saylov platformasiga egaligi bo‘lg‘usi saylovning mustaqil Qozog‘iston tarixida eng raqobatlisi bo‘lishidan darak bermoqda.
Prezidentlikka yetti nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda. Bular amaldagi prezident, “Nur-Otan” partiyasidan Qosim-Jomart Toqaev, “Ұlы dala qыrandarы” respublika jamoat birlashmasidan Sadibek Tugel, kasaba uyushmalari Federatsiyasidan Amangeldi Taspixov, “Aq jol” partiyasidan Daniya Yespaeva, “Auil” partiyasidan Toleutay Rahimbekov, Qozog‘iston Kommunistik xalq partiyasidan Jambil Axmetbekov va “Ұlt tag‘dыrы” birlashgan milliy-vatanparvar harakatidan Amirjan Kosanov.
Prezidentlikka saylovlar tarixida ilk marta ayol kishi, “Aq jol” partiyasidan nomzod Daniya Yespaeva kurash olib boradi. Nomzodlar orasida ayol kishining borligi Qozog‘istonda gender tengligiga e’tiborning yaqqol namunasini ko‘rsatdi.
IMG_4331.JPG брифинг Каз..JPG
Saylov – ochiq va oshkora o‘tishi demokratik tamoyillaridan eng muhimidir. Qozog‘istonda bu jihatlar doim e’tiborda bo‘lib, saylov jarayonini kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari bevosita kuzatib boradi. Ular orasida, albatta, xorijiy davlatlar vakillari bo‘ladi. Jumladan, o‘nta xalqaro tashkilotdan mingdan ziyod xalqaro kuzatuvchi, shuningdek, saylov paytida mamlakatda ishlaydigan xorijiy davlatlar vakillari kelishi kutilmoqda.
Janob D.Satibaldi o‘zbek-qozoq munosabatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu ikki xalq azaldan bir-biriga qardosh va eng yaqin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi yetakchi savdo sherigi hisobalandi. 2018 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo 25,3 foizga o‘sib, 2,5 milliard AQSh dollaridan oshdi. Ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2020 yilga borib 5 milliard AQSh dollarigacha yetkazish kutilmoqda.
O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili” siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlik bilan bir qatorda o‘z ichiga madaniy-gumanitar hamkorlik tadbirlarining katta majmuasini qamrab olgan. Ayni paytda bu yo‘nalishda amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot voistalari vakillari Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini kuzatishda ishtirok etadi.
2019 yil 9 iyun kuni Toshkent shahri Zulfiyaxonim ko‘chasida joylashgan Qozog‘iston elchixonasi binosida O‘zbekistondagi Qozog‘iston fuqarolari uchun 267-saylov uchastkasi ochiladi. Ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 7.00dan 20:00 ga qadar davom etadi.

 

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA