Innovatsion rivojlanish vazirining qozogʻistonlik xalqaro maslahatchisi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi mexanizmini joriy etadi

Innovatsion rivojlanish vazirining qozogʻistonlik xalqaro maslahatchisi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi mexanizmini joriy etadi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Qozogʻiston Respublikasi bilan hamkorlik doirasida qozogʻistonlik ekspert – Yerbol Suleymenov xalqaro maslahatchi sifatida jalb etilgan. U ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda Jahon banki bilan munosabatlar oʻrnatilishiga doir ishlarga masʼuldir.
Oʻzbekiston respublikasi innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtib, 2019–2021 yillardagi innovatsion rivojlanish strategiyasiga koʻra 2030 yilda Global innovatsion indeksda 50 ta ilgʻor mamlakatlar qatorida boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilgan.
– Innovatsion rivojlanishning asosi yuqori ilmiy-texnik potensialga ega boʻlishdir, – deydi Ye. Suleymenov. – Bu ilmiy-texnik salohiyat raqobatbardosh boʻlishi hamda yangi bilimlar va ishlanmalarni oʻzida mujassamlashtirgan xalqaro tizimga bogʻliq boʻlishi kerak. Bugungi kunda Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi ilm-fan va innovatsiyalarni boshqarishning xalqaro standartlarga mos yangi tizimini shakllantirish boʻyicha ishlarni amalga oshirmoqda.
Xalqaro tajribani joriy etish, moliyaviy resurslarni jalb etish maqsadida bugungi kunda Jahon banki va vazirlik oʻrtasida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda loyihani amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha ishlar boshlangan. Loyihaning maqsadi ilmiy natijalari va tadqiqotlarning tijoriy ahamiyatini oshirish boʻlib, bunda olimlar tomonidan olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar shaffof tanlov asosida tanlab olinadi.
Loyiha ilmiy-tadqiqot bazasining alohida segmentlarini qayta tiklash, mustahkamlash va qayta tuzishga koʻmak beradi, bu oʻz navbatida yangilangan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini milliy va xalqaro texnologiyalar bozori bilan bogʻlash imkoniyatini beradi. Yaʼni, Strategiyada qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqqan holda loyiha doirasida hozirda mavjud ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlar bazasini isloh qilinishi ragʻbatlantiriladi. Natijada Oʻzbekistonda raqobatbardosh, sohalararo, muammolarga yoʻnaltirilgan innovatsion, iqtisodiy ahamiyatga molik ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning xalqaro ekspertlar tomonidan tan olinadigan modeli ishlab chiqiladi. Shuningdek, yosh iqtidorli olimlar yurtimizning va xorijiy yetakchi olimlari rahbarligida zamonaviy ilmiy laboratoriyalarda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishlari kutilmoqda.

 

OʻzA

  15.04.2019, 14:24  |    35 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!