Maqsadimiz – Oʻzbekiston bilan barcha sohadagi munosabatlarni rivojlantirish

Maqsadimiz – Oʻzbekiston bilan barcha sohadagi munosabatlarni rivojlantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni qator xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Tantanali marosim doirasida elchilar oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Ahmad bin Said al-KASIRIY, Oʻmon Sultonligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatimizning Oʻzbekistondagi elchisi ishonch yorligʻini topshirish sharafiga muyassar boʻldim. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi missiyamiz davomida hech qanday protokolsiz, bevosita vazirlik va idoralar bilan ishlashimiz boʻyicha tavsiyalar berdi. Davlatingiz rahbarining tavsiyalaridan behad mamnunmiz.

2018 yil iyul oyida Sultonlikda Oʻzbekiston elchixonasi ochildi. Oʻzbekistonning yurtimizdagi diplomatik missiyasi bilan samarali hamkorlik qilamiz. Faol siyosiy muloqot hamkorlik yoʻnalishlaridan biri boʻlib, mamlakatlarimiz koʻplab masalalar boʻyicha oʻxshash qarashlarga ega.

Shuningdek, biz savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantiramiz. Ziyorat turizmi borasida ham Oʻzbekiston ulkan salohiyatga ega. Maqsadimiz bu sohadagi munosabatlarni rivojlantirish. Bundan tashqari, yaqin kelajakda savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha komissiya tashkil etishni rejalashtirdik. Oʻmon Sultonligining Oʻzbekistondagi elchisi sifatida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirish yoʻlida barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiraman.

Ibragim JUNUSOV, Qirgʻiziston Respublikasiningmamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Qirgʻiziston – Oʻzbekiston munosabatlari uzoq tarixga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, ikki-uch yil oldin tasavvur qilish imkoni boʻlmagan ishlar bugun amalga oshmoqda. Davlatlarimiz rahbarlari oldimizga oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million AQSH dollariga yetkazish vazifasini qoʻygan. Biz bu marrani qoʻlga kiritish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Nazorat-oʻtkazish punktlari ochilgani, madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanayotgani xalqlarimizning yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlamoqda. 4 oy avval Oʻzbekistonda Qirgʻiziston madaniyati kunlari oʻtkazildi. Endilikda Qirgʻizistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini tashkil etishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Davlatingiz rahbari bilan uchrashuvimizda oʻzaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashdik. Oʻylaymizki, Qirgʻiziston – Oʻzbekiston hamkorligi mustahkamlanib boraveradi.

Mehmet Sureyya ER, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Oʻzbekistondek tarixiy va madaniy rishtalarimiz mustahkam bogʻlangan va biz qardosh deb bilgan yurtga elchi boʻlish katta sharaf. Shukrlar boʻlsinki, ushbu sharafli vazifa menga nasib etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktabr oyida Turkiyaga, Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari Oʻzbekistonga tashriflari mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Biz Oʻzbekiston tomonining Turkiya delegatsiyasiga koʻrsatgan unutilmas mehmondoʻstligini katta mamnuniyat bilan eslaymiz. Prezidentimizning Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida tuzilishi kelishib olingan Strategik sheriklik oliy kengashi munosabatlarimizni oʻzaro manfaat asosida ilgʻor darajaga chiqarishiga ishonamiz. Siyosiy aloqalarimiz mukammal ekani barcha sohadagi munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim imkoniyat yaratmoqda.

Yurtimizdagi 80 millionli aholi ota yurt deb qabul qiluvchi Oʻzbekistonga nisbatan chuqur muhabbatni oʻzim bilan olib keldim. Turkiyaliklar yuragi qardosh Oʻzbekistonning muvaffaqiyati, hayoti osoyishta va farovon boʻlishi uchun urib turganini bilishingizni xohlardik. Oʻz vazifamni oʻtashimda Oʻzbekiston va qardosh oʻzbek xalqining qoʻllab-quvvatlashini doimo his etishimizga ishonaman.

Sunario KARTADINATA, Indoneziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Avvalambor Indoneziya Prezidenti va xalqining salomi va ezgu tilaklarini Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga yetkazishni istardim. Indoneziya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida taʼkidlash joiz. Biz doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash va taraqqiy ettirish istagidamiz. Zero, Indoneziya bilan Oʻzbekiston ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishda yakdil qarashlarga ega.

Ayni paytda Toshkent – Jakarta – Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovini yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Bu turizmni yanada rivojlantirishga, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiy sohadagi hamkorlikni taraqqiy ettirishga, tovar ayirboshlash hajmini oshirishga ulkan hissa qoʻshadi. Bu loyihani tez kunlarda ishga tushirish niyatidamiz.

Darxan SATIBALDI, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Qozogʻiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida yaqin va doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi bir necha yilgi raqamlarga nazar tashlasak, mamlakatlarimiz tovar aylanmasi hajmini 3 milliard AQSH dollariga yetkazishga erishildi. 2020 yilga kelib bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz va bu borada faol ish olib borilmoqda.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 14 aprel kuni davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi. Bu davlatimiz rahbarining ilk xorijiy safarlaridan boʻlib, mamlakatlarimiz munosabatlari nechogʻli yaqinligidan dalolat beradi. Tashrif doirasida Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining rasmiy ochilish marosimi oʻtkaziladi. Oʻylaymanki, mazkur yil ham oʻzaro munosabatlarimizni yangi bosqichga koʻtargan yil sifatida qardosh xalqlarimiz yodida muhrlanib qoladi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA

  15.04.2019, 08:05  |    40 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!