Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni Oʻmon Sultonligi, Qirgʻiziston Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Indoneziya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Ahmad bin Said al-Kasiriy, Ibragim Junusov, Mehmet Sureyya Er, Sunario Kartadinata hamda Darxan Satibaldidan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari elchilarni samimiy tabriklab, ularga masʼuliyatli diplomatik missiyani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.
2.jpg
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining barcha jabhalarida demokratik davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va liberallashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Xususan, 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilingani munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturi amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston tashqi siyosatida ham tub oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Bugun xalqaro maydonda mamlakatimizga ochiq, ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida qaralmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi faoliyati takomillashtirilmoqda, tashqi siyosatning iqtisodiy yoʻnalishi salmoqli darajada kuchaydi. Bugungi kunda Oʻzbekiston elchilari savdo, investitsiya va turizm masalalari bilan faol shugʻullanmoqda.
Asosiy eʼtibor Markaziy Osiyo davlatlari bilan anʼanaviy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilmoqda. Ochiq va konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilgani tufayli mintaqada oʻzaro ishonch va anglashuv muhiti shakllanib, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal etishda katta natijalarga erishildi.
Ayni paytda Oʻzbekiston boshqa mamlakatlar bilan ham oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni jadal rivojlantirmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishonch yorliqlarini topshirish marosimidagi nutqida yangi elchilar vakili boʻlgan davlatlar bilan koʻp qirrali hamkorlikning muhim yoʻnalishlari haqida toʻxtalib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Oʻmon Sultonligini doʻstlik va mushtarak diniy qadriyatlar bogʻlab turishi taʼkidlandi.
Biz Oʻmonni oʻz mintaqasida va arab-musulmon olamida munosib oʻringa ega, chuqur oʻylangan tashqi siyosat olib borayotgan mamlakat sifatida eʼtirof etamiz, dedi davlatimiz rahbari.
3.jpg
Oʻzbekiston va Oʻmon oʻzaro munosabatlarni yanada kengaytirish hamda ularni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirishga intilayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, fan-texnika sohalaridagi hamkorlikni, taʼlim yoʻnalishidagi aloqalarni faollashtirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Oʻzbekiston va Qirgʻizistonni koʻp asrlik anʼanaviy doʻstlik, qardoshlik va oʻzaro hurmat rishtalari bogʻlab turadi.
4.jpg
Prezidentimiz keyingi yillarda davlat rahbarlari darajasida ochiq va ishonchga asoslangan muloqot oʻrnatilgani, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Faol parlamentlararo munosabatlar, hududlararo aloqalar yoʻlga qoʻyildi, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi uzoq muddatli sheriklik bundan buyon ham izchil mustahkamlanib borishiga ishonch bildirildi.
Turkiya katta siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega davlat. Keyingi paytda Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasining oʻzapo hurmatga asoslangan koʻp qirrali aloqalari strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.
5.jpg
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda Turkiyaga davlat tashrifi hamda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning oʻtgan yili Oʻzbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Bugungi kunda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda oliy darajadagi Oʻzbekiston – Turkiya strategik sheriklik kengashi birinchi yigʻilishining oʻtkazilishi koʻp qirrali munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Indoneziya Oʻzbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi anʼanaviy ishonchli hamkori. Xalqlarimizni maʼnaviy-diniy qadriyatlar mushtarakligi bogʻlab turadi.
6.jpg
Mamlakatlarimiz oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi oʻsib bormoqda, turli tarmoqlarda, jumladan, ziyorat turizmi sohasida qoʻshma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlari yaxshi qoʻshnichilik, mustahkam doʻstlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan. Mamlakatlarimiz har tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
7.jpg
Davlatimiz rahbari Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan oʻrnatilgan ishonchli va samimiy muloqotni alohida qayd etdi.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari Oʻzbekistonga amalga oshiradigan birinchi davlat tashrifi strategik sheriklikni izchil kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezidentimiz yangi tayinlangan elchilar professional va hayotiy tajribasi, boy bilimi bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan diplomatik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga umid bildirdi.
Oʻz navbatida, elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli hamkorlik va samarali sheriklikni yanada rivojlantirishga bor kuch-gʻayratlarini safarbar qilishini qayd etdilar.
8.jpg
9.jpg
10.jpg

 

OʻzA

  15.04.2019, 07:58  |    44 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!