Mo‘ynoqda «Ajiniyoz bog‘i» barpo qilindi

Mo‘ynoqda «Ajiniyoz bog‘i» barpo qilindi

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida qoraqalpoq mumtoz shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li xotirasiga bog‘ barpo qilindi. Ushbu bog‘ning yaratilishiga Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogik instituti professori Kenesbay Allambergenov boshchilik qilmoqda.
– Har yili institutimizda Ajiniyoz kunlari bo‘lib o‘tadi. Joriy yilda ham mumtoz shoirimizning kunlariga bag‘ishlangan qator tadbirlar rejalashtirilgan. Har yilgidan farqliroq, bu yilda biz Mo‘ynoq tumanida «Ajiniyoz bog‘i»ni barpo qilishga qaror qildik, – deydi professor K.Allambergenov.
Bog‘ Mo‘ynoq tumani «Bozatau» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi Shag‘irli ovulida 0,5 gektar yer maydonida yaratildi. U yerga 400 dan ortiq yangidan har xil meva-sabzavot ko‘chatlari ekildi.
photo5289606349828762364.jpg
Ushbu qishloqda o‘tgan yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va ushbu institutning Nukus hamda Farg‘ona mintaqaviy filiallari tomonidan «Qo‘qon bog‘i» yaratilgan bo‘lsa, joriy yilda O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv-ilmiy poligoni, ya’ni talabalar bog‘i ham yaratildi. Shuningdek, Qoraqalpoq davlat universiteti va Nukus davlat pedagogika instituti ham ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shgan edi.
Hozirda ekilgan ko‘chatlarning 80 foizi ko‘karib, kurtaklarini yozgan.
– Biz so‘nggi yillarda, xususan, shu yili yanvar oyidan boshlab Prezidentimiz Sh.Mirziyoev rahbarligida Mo‘ynoq tumanini obodonlashtirish va uning xalqini ijtimoiy muxofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan behad minnatdormiz, – deydi «Bozatau» OFY raisi Jumabay Nurimbetov. – Prezidentimizning tashabbusi bilan Orolning qurib qolgan maydoniga saksovul urug‘lari ekilib, u yerlarning yashil qoplamalar zonasiga, ko‘kalamzorlikka aylantirilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqimizning ruhini ko‘tarib yubordi. Mana, bahor kelishi bilan qishning qahraton sovuqlarida qilgan mehnatlari zoya ketmay, sepilgan saksovul urug‘lari «ko‘z yorib», ignaday yerdan sanchilib chiqmoqda.
Yangidan barpo qilingan «Ajiniyoz bog‘i»ni Nukus davlat pedagogika institutining Qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi va ushbu kafedra qoshida tashkil qilingan «Ziyuar» (shoirning tahallusi) adabiy to‘garagiga a’zo talabalar o‘z g‘amxo‘rligiga olgan.
photo5289782314638879434.jpg
«Ajiniyoz kunlari» doirasida mazkur institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari va talabalari, keng jamoatchilik vakillari Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan buyuk shoirning qabristoni va maqbarasiga ziyorat qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 195 yilligi nishonlanadi. Nukus davlat pedagogika institutida 7-13 aprel kunlarida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir doirasida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi, «Ziyuar» nomli hujjatli filmning premerasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA

  13.04.2019, 08:00  |    62 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!