Zalmay Halilzod: Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash butun jahon hamjamiyati uchun muhim

Zalmay Halilzod: Afg‘onistonda barqarorlikni ta'minlash butun jahon hamjamiyati uchun muhim

AQSHning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga oid dolzarb jarayonlar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Avvalo O‘zbekistonga yana kelganim va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazganimdan g‘oyat mamnunman. Bugungi kunda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ushbu mamlakatni tiklash bo‘yicha hukumatlararo va Tolibonlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlarda Afg‘oniston bundan buyon AQSH va boshqa davlatlarga tahdid soladigan xalqaro terrorizmga zamin bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida samarali muloqotlar olib borildi. Eng asosiysi, muzokaralar afg‘onlarning o‘zi ishtirokida o‘tkazilmoqda.
Aprel oyida Dohada o‘tadigan uchrashuv ham Afg‘onistonda tinchlikka erishishda navbatdagi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu yurtda tinch siyosiy jarayonni boshlashda Afg‘oniston hukumati va Tolibonlar bilan birga yangi Afg‘oniston vakillari deb atalayotgan yoshlar va xotin-qizlar ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston qo‘shni mamlakatda tinchlik o‘rnatish masalasida faol tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, Doha uchrashuvidan so‘ng Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan navbatdagi muzokara shundan dalolatdir.
Biz Prezident bilan afg‘on diyorida vaziyatni barqarorlashtirish va iqtisodiyotni qayta tiklashda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdik.
Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash nafaqat mintaqa, balki butun jahon hamjamiyati uchun juda muhim. Chunki urush harakatlarining to‘xtatilishi xalqaro terrorizm va ekstremizmning oldini olishga, Afg‘on diyorining boshqa mamlakatlar uchun o‘z eshiklarini ochishiga zamin yaratadi. Bu, o‘z navbatida, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo mamlakatlariga integratsiyalashtirishda yangi imkoniyatlar ochadi.

 

M.Elmurodov, O‘zA

  12.04.2019, 10:02  |    56 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!