Barcha harakatlarimiz zamirida xalqimiz hayotini yaxshilash, farzandlarimizning ertangi kuniga zamin yaratish maqsadi mujassam

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 16 may kuni Andijon viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 19-20 may kunlari viloyatga tashrifi chogʻida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Shu davr mobaynida ular ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyatda shahar va qishloqlar obod boʻlib, aholi farovonligi yuksaldi. Ayniqsa, sanoat, qurilish, farmatsevtika, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishildi. Barcha makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha oʻsish kuzatildi.
2018 yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,8 trillion soʻmga teng 411 loyiha amalga oshirildi, 12 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish hisobidan 20,7 million AQSH dollari miqdorida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik korxonalar foydalanishga topshirildi. 211,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida viloyatda tanlab olingan 50 mahallada keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Investitsiya dasturiga muvofiq, 40 ta maktabgacha taʼlim muassasasida 97 milliard soʻmlik, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 30 ta muassasada 47,5 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 178 ta maktabgacha taʼlim muassasasida joriy, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 168 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi Xonobod shahridagi “Xon tex city” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan tanishuvdan boshlandi.
Xonobod shahri uzoq yillar yopiq hudud boʻlib, sanoat rivojlanmagan, koʻplab obyektlar boʻsh yotgan edi. Prezidentimiz 2017 yil 2 iyunda bu yerga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit bilan yaqindan tanishgan, vaziyatni tubdan yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar belgilab bergan edi. Shu asosda 2017-2019 yillarda Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqildi. Unga 3 ming 200 dan ziyod loyiha kiritilib, 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Buning natijasida koʻplab korxonalar tashkil etildi va odamlar ish bilan taʼminlandi.
Anhor mahallasi hududidagi sobiq 4-avtokorxona ham uzoq yillar bekor turgan edi. Uning binolari va yer maydoni tadbirkorlarga “nol” qiymatda berilib, tashkiliy, moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrildi. Bugun bu yerda 13 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 685 kishi ishlaydi.
“Xon tex city” masʼuliyati cheklangan jamiyati shulardan biri. Oʻtgan yili ishga tushirilgan korxonada 300 dan ortiq modelda 50 turdagi tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 500 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Eng muhimi, 300 ga yaqin xotin-qiz ish bilan taʼminlangan.
– Ushbu korxona ishsiz yurgan xotin-qizlar uchun ayni muddao boʻldi, – deydi Muxlisa Sharofiddinova. – Ishchi-xizmatchilarning samarali mehnat qilishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Ikki mahal issiq ovqat, transport xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Maoshni vaqtida olyapmiz.
Davlatimiz rahbari korxonadagi sharoitni koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi.
Barcha harakatlarimiz, farmon va qarorlarimiz zamirida xalqimiz hayotini yaxshilash, farzandlarimizning ertangi kuniga zamin yaratish maqsadi mujassam. Shu boradagi oʻzgarishlar, sizlarning hayotdan roziligingiz kishiga mamnuniyat bagʻishlaydi. Andijonga bu galgi safarimizdan maqsad ham odamlarning haqiqiy talabidan kelib chiqib reja qilish va ijrosini taʼminlash choralarini koʻrishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz shahardagi “Xonobod” sihatgohida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan sihatgoh kislorod bilan toʻyingan, ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas yoʻllari, asab tizimi, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Bu yerda bemorlar asosan yuqori haroratli suv bilan davolanadi. Iqlimiy, parafin, elektr-yorugʻlik, fitoterapiya, funksional terapiya, parhez bilan davolash va sanatoriya-kurort uslublari keng qoʻllaniladi. Mineral vannalar, fizioterapiya, elektrofarez, galvanizatsiya, igna bilan davolash, stomatologiya, kosmetologiya, galoterapiya (tuzli shaxta), suzish havzasi, fitnes-zal, fitobar ham mavjud.
Sihatgohdagi zamonaviy klinik va bio-kimyoviy laboratoriya, UTT va EKG uskunalari bemorlarga aniq tashxis qoʻyishda muhim oʻrin tutadi.
Soʻlim tabiati bilan mashhur Xonobodda bir paytlar qurila boshlagan sihatgoh qarovsiz holda yotgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 2 iyunda bu yerga kelib, uni obodonlashtirish, dam olish uchun zarur sharoit yaratish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
180 oʻringa moʻljallangan “Xonobod” sihatgohini barpo etish uchun 90 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Davolash binolari, standart, yarim-lyuks va lyuks xonalar, 6 apartamentda barcha sharoit yaratildi.
Davlatimiz rahbari sanatoriydagi sharoitni koʻzdan kechirdi. Ushbu togʻli hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Xizmatlar narxini kamaytirib, qamrovini kengaytirish yana koʻplab odamlarni ish bilan taʼminlashga xizmat qilishini qayd etdi. Sihatgoh hududidagi yer maydonlarini tadbirkorlarga berish orqali 3 ming kishi dam oladigan maskanlar tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi.
Shu yerda Andijon viloyatida turizmni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Xonobod shahrida 2017-2019yillarda amalga oshirilgan ishlar, “Kampirravot” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Inimpeks Alliance” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan dam olish maskanlari barpo etish, “Lu Yang Agroculture” xorijiy korxonasining mahalliy mevali bogʻlar va poliz ekinlari, sitrus mevalar va bodom bogʻlarini tashkil etish loyihalari haqida maʼlumot berildi.
Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektida turizmni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilishi tariximizni, oʻzligimizni yanada chuqur anglashga xizmat qiladi. Bu yerga maktab oʻquvchilarini ziyoratga olib kelish kerak. Bugungi avlod madaniy merosimizni yaxshi bilishi, u bilan faxrlanishi zarur, dedi Prezidentimiz.
Faollar bilan muloqotda Xonobod shahrini har tomonlama rivojlantirish, bandlikni taʼminlash va farovonlikni oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ekologik musaffolikni taʼminlash, turizmni rivojlantirish, investitsiyalar jalb etish, innovatsion yondashuv, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlari yaratish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari “Khantex Group” MCHJ tomonidan Qoʻrgʻontepa tumani Uchqun mahallasida tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
“Khantex Group” tashkil etilganiga ikki yil boʻldi. Korxona qariyb 9 ming gektar maydonda fermerlar bilan paxta yetishtirish boʻyicha hamkorlik qiladi.
Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil may oyida Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida jamiyatning toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. Bugunga kelib bu reja toʻla amalga oshirildi – ulkan yigiruv sexi binosi qurilib, Shveysariyaning “Riter” kompaniyasidan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi. Hududda yashovchi 400 nafarga yaqin aholi doimiy ish joyiga ega boʻldi.
Bu – hali dastlabki ishlar. Keyingi bosqichlarda mato toʻqish, boʻyash, tayyor kiyim-kechak va sochiq ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 58 million yevro boʻlib, korxona toʻliq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 9 ming tonnadan ziyod ip-kalava, qariyb 6 million pogon-metr gazlama, 10 million donadan ortiq tikuv-trikotaj mahsuloti ishlab chiqariladi, 1500 ish oʻrni yaratiladi. Eksport hajmini 40 million dollarga yetkazish moʻljallangan.
Shuningdek, klaster negizida 2 ming tonna isteʼmol yogʻi, 7,5 ming tonna shrot, 5,4 ming tonna sheluxa ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy yogʻ-ekstraksiya zavodi va chorva kompleksi tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari klasterning yigiruv sexini kirib koʻrdi.
Shu paytgacha joylarda turli korxonalar tashkil etish boʻyicha ishladik. Endi sifatga eʼtibor berish, daromadni oshirish uchun sharoit yaratish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Klasterga agrotexnika xizmati koʻrsatish maqsadida 19,7 million dollar evaziga AQSHning “John Deer” va “Case” kompaniyalarining 13 turdagi 331 ta zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi keltirilgan.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan klaster usulini qishloq xoʻjaligida keng joriy etish boʻyicha tashabbus Qoʻrgʻontepa tumanida toʻliq amalga oshirilmoqda. Yaʼni, paxtani yetishtirishdan tayyor mahsulot olishgacha boʻlgan tizim yaratilgan. Paxta yetishtirish ishlari toʻliq texnika yordamida amalga oshirilmoqda, hosildorlik sezilarli darajada oshgan. Hudud aholisi klaster tashkil etgan zamonaviy korxonalarga ishga jalb qilinyapti.
Shu yerda Andijon viloyatida 2019-2020 yillarda qishloq xoʻjaligi sohasi, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilikni rivojlantirishga qaratilgan rejalar, Oʻzbekistonning Belarusdagi elchixonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar muhokama qilindi. Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali bilan Grodno davlat universiteti oʻrtasida Oʻzbekiston – Belarus qoʻshma fakultetini ochish, viloyatda irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash kabi qator loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Prezidentimiz loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
Xoʻjaobod tumani Xidirsha massivi bundan bir necha oy oldin yaydoq adirlardan iborat edi. Bu yerda qisqa muddatda – toʻrt oyda barcha infratuzilma inshootlariga ega zamonaviy mavze qad rostladi.
Andijon shahri – mamlakatimizning aholi eng zich yashaydigan hududi. Shaharning Mustaqillik mahallasidagi eski barak shaklidagi hovlilarda yaqin-yaqingacha bitta xonadonda bir nechtalab oila qiynalib yashab kelar edi.
Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashriflari chogʻida shahar aholisining yashashi uchun qulay sharoit yaratish, Bosh rejaga muvofiq eski mahallalar oʻrnida koʻp qavatli turar joylar barpo etish boʻyicha tavsiyalar bergan edi. Shunga koʻra, Mustaqillik mahallasi aholisi uchun Xoʻjaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar yer ajratilib, shahar hududiga qoʻshib berildi.
Joriy yilda bu yerda “Obod mahalla” dasturi asosida 2 sotixli 220 ta uy, oilaviy poliklinika, bolalar bogʻchasi, Xotira maydoni, mahalla guzari, kutubxona, hammom, goʻzallik saloni hamda boshqa savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, tikuvchilik korxonasi, madaniyat markazi qurildi. Mahallaga “Mustaqillikning 27 yilligi” deb nom berildi.
Prezident mazkur mahalladagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Yangi mahalla qurilishida aholi uchun zarur qulayliklar eʼtiborga olingan. Koʻchirib kelinayotgan oilalarning farzandlari shu yerdagi bogʻchaga, maktabga qatnaydi, xotin-qizlar tikuvchilik korxonasi, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarida ishlashi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev dastlab yangi hovli sohibasi Dilfuza Hojimatova xonadoniga kirib, oilaning yashash sharoiti bilan qiziqdi.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifidan maqsad odamlarning hayot sifatini oshirish, oilalarga imkon qadar koʻproq yengillik berishdan iborat ekanini taʼkidladi.
Tinimsiz mehnatimiz, izlanishlarimiz oʻz mevasini bera boshladi, xalqimizning hayotga qarashi, munosabati oʻzgardi. Bunday shinam uylarga koʻchib kirgan oilalar hayotidan mamnun, davlatdan rozi boʻladi. Endi oilalarga oʻzini oʻzi boqish koʻnikmasini ham singdirsak, odamlar oʻz hovlisida asalari, tovuq boqishni oʻrgansa, boqimandalik kayfiyati yoʻqoladi, yaxshi yashashga intilish kuchayadi, dedi Prezident.
Dilfuza Hojimatova yangi hovlida qizlari Fotima va Zuhra bilan yashaydi. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif oila hayotiga yana bir quvonchli voqea bilan muhrlanishini aytdi – egizaklarni oʻzlari tanlagan oliy oʻquv yurtiga imtiyozli kiritishga vaʼda berdi. Bu taklif katta quvonch bilan qabul qilindi.
Vaqt kutib turmaydi. Odamlarga bugun sharoit yaratib berish kerak. Yashash uchun sharoit boʻlsa, oilada quvonch, xotirjamlik, halovat boʻladi, baraka yogʻiladi. Bu har bir islohotning asosiy mazmunini tashkil etishi lozim.
Prezident bu borada mutasaddilarga navbatdagi vazifalarni belgilab berdi. Mazkur mahallada ikkinchi bosqichda quriladigan 2 sotixli 612 ta uy, 168 xonadondan iborat 7 ta koʻp qavatli arzon turar joy, 615 oʻrinli maktab, 160 oʻrinli bolalar bogʻchasi ham Andijondagi mana shu oʻzgarishlar ruhiga hamohang boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Yangi mahallada Andijon shahridagi “Feruzbek teks” MCHJning tikuv korxonasi ish boshladi. 500 xotin-qiz ishli boʻlgan korxonada 60 dan ziyod turdagi kattalar va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Yiliga 1,5 million dona mahsulot tayyorlash va 950 ming dollarlik kiyim-kechak eksport qilish imkoniyatiga ega korxonada ishchilar uchun bepul issiq ovqat, transport xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Bu ham xotin-qizlarning ishga bemalol borib-kelishi, oilasiga naf keltirishiga yordam beradi.
Shavkat Mirziyoyev korxonada tayyorlanayotgan kiyim-kechak namunalari, tikuv sexidagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.
Koʻp ish qilinyapti, bular katta ishlarning boshlanishi, xolos. Bir-birimizga yelkadosh boʻlsak, kechagidan uch-toʻrt baravar koʻp ishlasak, oʻrganishdan charchamasak, mehnatimizning rohatini albatta koʻramiz. Xalqimizni rozi qilish yoʻlidagi ishlarimiz bitta maqsad-muddaoga qaratilgan – odamlarning orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish. Mehnat qilib shu kunlarga yetdim, ertaga bolam mendan yaxshiroq yashaydi, ekkan daraxtim mevasidan farzandlarim bahramand boʻladi, degan oʻy-niyatda yashashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Bunday korxonalarni ikki-uch baravar koʻpaytirish, mahsulotga xaridor topish, bozorini kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Shu yerda Andijon shahri Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Unga muvofiq,2019-2020 yillarda Andijon shahrida aholining uy-joyga talabini qoplash maqsadida 150 ta koʻp qavatli uy quriladi. Jumladan, barak shaklidagi eski uylardan boʻshagan Mustaqillik mahallasi hududida 70 ta 9 qavatli uy barpo etiladi.
Davlatimiz rahbariga “Andijon city” qurilishi loyihasi haqida maʼlumot berildi. Qariyb 70 gektar maydonda barpo etilishi moʻljallanayotgan ushbu shaharchada 5 yulduzli mehmonxona, kongress-xoll, qoʻgʻirchoq teatri, bank va ofislar, sogʻlomlashtirish markazlari, koʻngilochar maskanlar, kafe-restoranlar, 7, 9 va 12 qavatli turar joy binolari qad rostlaydi.
Fitrat koʻchasida 41 ta 7 qavatli uy barpo etish, Andijonda mamlakatimizda ilk bor taunxaus shaklidagi namunaviy uylar qurilishini boshlash, viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish, “Obod tuman markazi” dasturi asosida Marhamat tumanida amalga oshiriladigan ishlar, viloyatda ichimlik va oqova suv tizimini yaxshilash borasidagi loyihalar taqdim qilindi.
Prezident barcha loyihalarda aholining talab-ehtiyojlari va hududni rivojlantirish istiqbollarini inobatga olish, qurilishda energiyatejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Mahallada barpo etilgan “Kelajak bolajonlari” maktabgacha taʼlim muassasasi rus va ingliz tillarini oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan boʻlib, bu yerda Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusni mamlakatimizda birinchi marta bogʻcha yoshidan bolalar ongiga singdirish rejalashtirilgan. 2 qavatli, 165 oʻrinli muassasada kichkintoylar uchun tasviriy sanʼat, musiqa va sport, chevarlik, tikuvchilik kabi toʻgaraklar mavjud. Mashgʻulotlar xonasidagi mini-kompyuterlar bolalarni kichik yoshdan axborot texnologiyalariga oshno qiladi.
Davlatimiz rahbari bogʻchani koʻzdan kechirar ekan, farzandlarimiz maʼnaviyatini bogʻcha yoshidan boyitish, bu boradagi ishlarni maxsus qaror asosida tizimli yoʻlga qoʻyish lozimligini taʼkidladi.
Madaniyat markazida besh muhim tashabbus asosida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, yosh isteʼdodlarni yuzaga chiqarish, oʻgʻil-qizlar oʻzining sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish, ularning kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishini tashkil etish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalari haqida soʻz yuritildi.
Shavkat Mirziyoyev bu tashabbuslardan maqsad yoshlarda “oʻzbekman”, “oʻzimga bekman” degan milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirishdan iborat ekanini, har bir yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar shunga loyiq va mos boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Har bir tashabbus boʻyicha tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz Andijon tumanidagi “Makro Farm Andijan” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Oʻtgan yili Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida mazkur korxona loyihasining taqdimoti oʻtkazilgan edi.
“Makro Farm Andijan” korxonasi loyihasini uch bosqichda hayotga tatbiq etish koʻzda tutilgan. Birinchi bosqich 2018 yilning avgust oyida yakuniga yetdi. Yiliga 2,5 milliard soʻmlik dorivor oʻsimliklardan biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqariladi. Buning uchun 3 million dollar mablagʻ sarflandi, natijada 25 kishining doimiy bandligi taʼminlandi.
Ikkinchi bosqichda 5 million dollar mablagʻ evaziga yiliga 136 million dona shpris va infuziya uchun sistema ishlab chiqarish loyihasi hayotga tatbiq etildi. Mazkur loyiha 2018 yilning oktyabr oyida yakunlanib, 110 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
2020 yilga rejalashtirilgan uchinchi bosqichda yurak-qon tomir kasalliklarida qoʻllaniladigan 8 million dona tabletka va kapsula shaklidagi dori vositalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. 40 kishi ishli boʻladi.
1, 2, 5, 10 milligrammli shprislar va infuziya uchun sistemalar ishlab chiqaradigan ushbu korxona vodiyda yagona hisoblanadi.
Ayni paytda korxonaning 10 gektar yer maydonida naʼmatak, moychechak, barbaris, yalpiz, kolendula, dala choyi, aloe, polpola, valeriana, limon oʻti, samin choʻp kabi dorivor oʻsimliklar parvarishlanmoqda.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonada tayyorlanayotgan dori vositalarini koʻzdan kechirdi. Dori-darmonlarning xalqaro sifat talablariga toʻla javob berishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.
Shu yerda Andijon shahridagi “Avto Tekstil” MCHJning avtomobil va avtobus oʻrindiqlari uchun gazlama-mato ishlab chiqarish loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbariga Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya va Hindistondagi elchixonalari tomonidan viloyatda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, Hindistonning “Cadila Pharmaceuticals LTD” kompaniyasi “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasida tabletka, kapsula va inyeksion dori vositalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. 50 million dollar mablagʻ sarflanishi nazarda tutilgan loyiha yakunida 400 dan ziyod ish oʻrni yaratiladi. Yiliga 3 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Mazkur loyiha 2019-2023 yillar davomida 3 bosqichda hayotga tatbiq etiladi.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan 2019-2021 yillarda qiymati 39 million yevrolik yettita loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada 700 ish oʻrni yaratiladi. Transport-logistika markazi, meva-sabzavotni qayta ishlash, choy qadoqlash korxonalari, chorvachilik klasteri tashkil etilib, suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.
“GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatida yagona platforma asosida yangi avtomobil modellarini oʻzlashtirish boʻyicha loyiha taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 10 ming kishini doimiy ish bilan taʼminlash imkonini beradi.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

OʻzA