Chexiyalik ishbilarmonlar O’zbekiston bozoriga intilmoqda

Chexiyalik ishbilarmonlar O’zbekiston bozoriga intilmoqda

Chexiya Respublikasi savdo-sanoat vaziri Marta Novikova boshchiligidagi biznes delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 8 aprelь kuni poytaxtimizda O’zbekiston – Chexiya biznes-forumi tashkil etildi.
O’zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 25 ta korxona faoliyat ko’rsatmoqda. Forumning ochilishida ushbu ko’rsatkichlar mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatiga mos emasligi qayd etildi.
Tadbirda O’zbekistonda barcha sohalarda faol islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Аna shunday sharoitda Chexiya ishbilarmonlari O’zbekiston bozoriga intilmoqda, ular mamlakatga sarmoya kiritishdan manfaatdor. Bu kabi uchrashuvlarning tashkil etilishi ikki mamlakat oldida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, o’zaro tovar ayirboshlashda eksport, import mahsulotlari turini ko’paytirish bo’yicha fikr almashish imkonini beradi.
O’z navbatida, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Аdham Ikromov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o’rinbosari Badriddin Obidov O’zbekiston tomoni chexiyalik ishbilarmonlarni qiziqtirgan sohalar bo’yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Taqdimotlarda chexiyalik vakillar mamlakatimiz investitsiyaviy muhiti, sohalarda olib borilayotgan islohotlar, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Forum doirasida tashkil etilgan “B2B”, “G2B” formatidagi uchrashuvlarda 100 nafarga yaqin mahalliy tadbirkor, Chexiyaning savdo, ta’lim, qishloq xo’jaligi, sayyohlik, xavfsizlik tizimlarini rivojlantirish, energetika, logistika kabi sohalar, kimyo, tog’-kon sanoatiga ixtisoslashgan 20 dan ziyod kompaniyasi vakillari o’rtasida hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish bo’yicha muzokaralar bo’lib o’tdi.

 

Malohat Husanova, O’zА

  09.04.2019, 14:21  |    38 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!