Umumta’lim maktablari muqobil darsliklar bilan ta’minlanadi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 apreldagi “Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tildi.
Mazkur qarorda umumta’lim maktablari uchun yaratilayotgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning sifatini oshirish, o‘quvchilarni darsliklar bilan to‘liq ta’minlash, sifatli darsliklarni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, raqobatbardosh, muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish maqsadi mujassam.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi umumta’lim maktablari uchun yaratiladigan muqobil darsliklarni tayanch maktablarida 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinovdan o‘tkazadi.
Muqobil darsliklarning o‘zi nima?
Muqobil darsliklar – Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bitta o‘quv fanidan o‘quvchilarga tavsiya etilgan asosiy darsliklar bilan bir qatorda alohida yoki qo‘shimcha ravishda foydalanish mumkin bo‘lgan darsliklar hisoblanadi.
Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, muqobil darsliklarni tayanch umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazish bilan birga mazmunan, dizayn jihatdan takomillashtirish maqsadida vazirlikning rasmiy veb-saytida oylayn tarzda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Taklif va mulohazalar olinadi.
Umumta’lim maktablarini muqobil darsliklar bilan ta’minlash ixtiyoriy ravishda ota-onalar, maktab pedagogik jamoalari va homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

O‘zA