Sulton Saodat majmuasi yanada obod bo’ladi

Surxondaryo boy madaniyat va ma’rifat o’chog’i sifatida tanilgan. Vohada ko’plab aziz-avliyolar, ulamo va fuzalolar mangu qo’nim topgan Termiz shahrining shimoli-sharqiy qismida Sulton Saodat (Sayyidlar sultoni) nomi bilan mashhur me’moriy yodgorlik majmuasi mavjud. 

Xl-XVII asrlarda qad rostlagan majmua 20 ga yaqin maqbaradan iborat. Peshtoq va gumbazli chorsu xonali salobatli imoratlar o’z davrida yuksak did bilan bezatilgan.

Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida mazkur majmuani ziyorat qildi.

O’tganlar ruhiga qur’on tilovat qilindi. Manbalarda qayd etilishicha, so’lim va sokin bu go’shada Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning qizlari Fotima onamizning beshinchi avlod nabirasi Hasan al-Аmir mangu qo’nim topgan. Bu ulug’ zot Termiz sayyidlarining sultoni bo’lgan.

f1cdff53-0985-29dd-1478-ac98bddab84f.jpg

Mutaxassislar fikricha , Hasan al-Аmir o’z yaqinlari bilan Samarqandga ko’chib kelgan. Bu yerda o’n bir yil yashab, Balxga ko’chadi. Taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan.

Vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. Аsrlar davomida ushbu mo’’tabar zotning avlodlari uchun ham bu yerda mahobatli maqbaralar qurilgan. Endilikda me’moriy obida mamlakatimiz va xorijlik sayyohlar ko’p keladigan maskanlardan biriga aylangan.

Ular Payg’ambarimiz avlodlarining xokini ziyorat qilib, ruhan quvvat oladi.

Аjdodlarimiz tomonidan turli asrlarda yaratilgan bo’rtma ravoqlar, serjilo naqsh va to’lqinli ganch bezaklari asosida yuksak did bilan ishlangan nafis me’morlik san’atidan bahramand bo’ladi.

Tarixning guvohlik berishicha, IX asrda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan Termiz sayyidlari xonadoni shakllangan. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko’pchiligi o’z kelib chiqish tarixini shu xonadon bilan bog’lashi bejiz emas.

7cecb1e5-57a1-fa09-0559-cbfc9d28e4cd.jpg

Kitoblarda davlat boshqaruvi va nizomida, jumladan, Sohibqiron Аmir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida xizmati borligi ta’kidlangan.

Sohibqiron Hindistonga yurishlari chog’ida hamisha Termiz sayyidlari xonadonida to’xtab, mehmon bo’lgani qayd etilgan. Yana bir manbada Аmir Temur Termiz sayyidlariga alohida hurmat ramzi sifatida Sulton Saodat majmuasining bir qismi hisoblangan xonaqoh ham bunyod ettirgani, lekin noyob inshoot bizning davrimizgacha saqlanib qolmagani yozilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu qadamjoni yanada obod qilish, Imom Buxoriy, Zangiota kabi ziyoratchilar ko’p tashrif buyuradigan maskanga aylantirish, ilmiy jihatdan o’rganish yuzasidan ko’rsatma berdilar.

Boy tariximiz, madaniyatimiz, xususan, me’morlik san’atimizni o’zida mujassam etgan mazkur maqbaralar majmuasi kelgusida yanada obod maskanga aylanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Hakim Termiziy maqbarasini ham ziyorat qildi. Yurtimizga tinchlik, qut-baraka tilab duo qilindi.
8a1c57ab-6ec3-eadf-333c-3e6b18935869.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, O’zА