Shavkat Mirziyoyev: Asosiy maqsad xalqimizni rozi qilish, aholini, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash

Vobkent tumanida 136 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tumanda oʻtgan yil bir qator kichik biznes subyektlari ish boshladi.
“Ekvatorial chodak group” korxonasi shulardan biri. Korxonani tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 3 million dollar krediti hamda loyiha tashabbuskorlarining 2 million dollar miqdoridagi mablagʻi sarflandi. Korxonaning umumiy yer maydoni 3,5 gektar.
Korxonaga Yaponiya, Italiya, Turkiya va Xitoydan turli operatsiyalarni bajara oladigan va ishni konveyer asosida tashkil etish imkonini beradigan 500 dan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi hamda boshqa tegishli dastgohlar oʻrnatilgan. Yiliga 1 million 500 ming donagacha erkaklar jinsi shimlari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Ayni kunda korxonada 500 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda.
287ddd29-b331-f4fc-df0c-857d0c8f6d41.jpg
Korxonada ishchilarning samarali mehnat qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Oshxona faoliyati va olisdan qatnab ishlovchilar uchun transport xizmati yoʻlga qoʻyilgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tannarxi koʻp omillarga, jumladan, barcha texnologik jarayonlar korxonaning oʻzida bajarilishiga ham bevosita bogʻliq. Bu borada korxonada kiyim-kechaklarni boʻyash va ularga qayta ishlov berish sexi tashkil etilgan. Qolaversa, sex viloyatdagi turdosh korxonalarga shartnoma asosida ularning mahsulotlarini boʻyash hamda xizmat koʻrsatish hisobiga, qoʻshimcha foydaga ega boʻladi. Yaqinda ish boshlagan poyabzal ishlab chiqarish sexi Italiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan. U yiliga bozorga 600 ming donagacha mahsulot yetkazib beradi. Loyiha quvvati toʻla oʻzlashtirilgach, ishchi-mutaxassislar soni qariyb mingtaga yetadi.
8251feb8-8ab1-e731-fd39-d9853dba6229.jpg
Albatta, korxonaning istiqboli koʻp jihatdan uning eksport salohiyatiga bogʻliq. Kelgusida korxona mahsulotlarini Qozogʻiston va Rossiyaga eksport qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari texnologik jarayonlar bilan tanishib, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirdi. Korxona ishchilari bilan muloqot qildi. Iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlar, saʼy-harakatlardan maqsad xalqimizni rozi qilish, aholini, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash ekanini taʼkidladi.
Shu yerda kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalari haqida maʼlumot berildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA