Xalqaro moliya-bank forumi

Poytaxtimizda “MDHning moliyaviy bozorlari: yangi imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro moliya-bank forumining birinchi kunidagi tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, MDH Moliya-bank kengashi hamda “SAIPRO” axborot-reyting agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa bir qator mahalliy va xalqaro moliyaviy muassasalar koʻmagida oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos va boshqalar mamlakatimiz va dunyo moliya-bank muassasalarining oʻzaro hamkorlik aloqalari davlatlarning iqtisodiy oʻsishida muhim ahamiyat kasb etishi va oʻtkazilayotgan mazkur forum bunday manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan tashkil etilgan agentligimiz qisqa muddatda sezilarli natijalarga erishmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Asqar Obidov. – Jumladan, Oʻzbekistonning suveren reytingga ega boʻlgani, xalqaro bozorda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni ayirboshlash ishlari boshlangani yaxshi imkoniyat boʻlib, bu kapital bozor ishtirokchilari uchun yana bir qulaylikdir. Forumda “Oʻzbekistonda kapital bozorini rivojlantirish” mavzuidagi maʼruzamda agentlik faoliyati, maqsad va vazifalari bilan ishtirokchilarni batafsil tanishtirdim.
Forumda soʻzga chiqqanlar moliya-bank sektorlarining bugungi holati va istiqboli, raqamli texnologiyalarning rivojlanishida moliya sohasining oʻrni haqida soʻz yuritdi.
– Iqtisodiy islohotlar mamlakat rivojlanishi va iqtisodiy barqarorligini taʼminlashning muhim omili hisoblanadi, – dedi Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki raisining birinchi oʻrinbosari Kseniya Yudayeva. – Shu sababli integratsiya orqali biz eng yaxshi iqtisodiy natijalarga erishishimiz mumkin. Avvalo, integratsiya va boshqa moliyaviy jarayonlar uchun makrooiqtisodiy sharoit hamda moliyaviy barqarorlik talab etiladi. Bu kabi barqarorlik boʻlmasa, mamlakatda investitsiyaviy imkoniyatlar rivojlanmaydi.
Forumda ekspertlarning ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashish hamda alohida sohalar va moliya bozorining turli sektor vakillari oʻrtasida muzokaralar, oʻzaro manfaatli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Forum doirasida sugʻurta sohasida “Oltin soyabon” jamoatchilik mukofotini topshirish marosimini oʻtkazish hamda ishtirokchilarning Samarqandga sayohati rejalashtirilmoqda.
Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, moliya vaziri J.Qoʻchqorov soʻzga chiqdi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA