Oʻzbekiston paxta ishlab chiqaruvchilariAmerika bozoriga chiqish imkoniga ega boʻldi

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2019 yil 25 mart kuni AQSH Mehnat departamenti oʻzbek paxtasini bolalar majburiy mehnatidan foydalangan holda tayyorlangan tovar sifatida mamlakat hududida davlat xaridlarini amalga oshirishni taqiqlovchi Prezident aktidan chiqarish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qildi.
Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan paxta mazkur roʻyxatga 2010 yilda kiritilgan edi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yilning iyul oyi oxirlarida Amerikaidorasi tomonidanmazkur masalani ochiq jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish taklif etilgan edi. Ushbu muammoni oʻrganish doirasida huquqni himoya qilish tashkilotlari – “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi va Xalqaro mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish forumi (ILRF)ning fikrlari hamda Oʻzbekistonning Vashingtondagi diplomatik missiyasi vakillari tomonidan taqdim etilgan rasmiy izohlar tahlil qilindi.
Amerika idorasi “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining mazkur qarorini mamlakatda bolalar mehnatiga doir holatlar kamaygani, huquqbuzarliklar boʻyicha tergovlar samaradorligi ortgani bilan izohladi. Oldingi yillardan farqli ravishda bu galgi oʻrganishlar faol jamoatchilik fikrlari asosida olib borilgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, qarorda mehnat huquqlarining buzilishi holatlarini samarali aniqlash imkonini beradigan qayta bogʻlanish mexanizmlari, bandlik va mehnat munosabatlari idoralarining “Ishonch telefonlari” tizimi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida “yuridik klinikalar” va mamlakat Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyati faol joriy etilgani ham bayon qilingan.
“Olingan sharhlar va mavjud maʼlumotlar oʻrganilganda Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimida bolalar mehnatidan foydalanish holatlari kamaygani aniqlandi. Shu bois ushbu mahsulotni Ijro buyrugʻi roʻyxatiga kiritish uchun asos yoʻq”, deyiladi Mehnat departamenti qarorida.
Amerika idorasining mazkur qarori AQSH davlat muassasalariga ushbu mahsulotning bolalar mehnatisiz ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi sertifikatsiz xarid qilish imkonini beradi. Shuningdek, AQSH Mehnat departamenti vakillarining fikricha,oʻzbek paxtasining taqiq roʻyxatidan chiqarilishi Amerikaning xususiy kompaniyalariga oʻzlarining ishbilarmonlik mavqeiga putur yetkazmagan holda, Oʻzbekiston paxta yetkazib beruvchilari bilan aloqa qilish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston paxta yetishtiruvchilari uchun AQSH bozorlariga chiqish sari yangi istiqbollar eshigi ochilmoqda. Ushbu qaror Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning AQSH tomonidan eʼtirof etilishidir. Ayni paytda bu Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki tomonidan oʻtkazilgan monitoring xulosalari va natijalariga hamtoʻlamos keladi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA