Nukusda bir guruh harbiy xizmatchilarga yangi uylar kaliti topshirildi

Nukus garnizonida qurib bitkazilgan yangi uylarning kalitlarini harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylariga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.
Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakillari hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Nukus shahrida barpo etilgan 30 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uyda harbiylar va ularning oila a’zolari uchun barcha zarur qulayliklar yaratilgan.
photo_2019-03-25_19-49-04.jpg
O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 24 yanvar kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish va yanada rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgust kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga turar-joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari va yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish to‘g‘risida”gi nizomiga asosan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida zamonaviy ko‘rinishdagi uy-joylar topshirilmoqda.
photo_2019-03-25_19-49-20.jpg
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil rejasi bo‘yicha 74 ta uy ipoteka krediti asosida, 21 tasi xizmat uylari sifatida qurilib, harbiy xizmatchilarga tantanali ravishda topshirilmoqda.
Tadbir davomida Nukus shahar madaniyat xodimlari ishtirokidagi konsert dasturi yig‘ilganlarga yanada xushkayfiyat ulashdi.

 

O‘zA