Respublikamizda birinchi marta teatr tomoshalari haftaligi o‘tkaziladi

Teatrga oxirgi marta qachon tushdingiz? Tan olish kerak, ko‘pchiligimiz oyda bir bo‘lsa ham teatr ostonasini hatlab o‘tmaymiz. Kimningdir vaqti yo‘q, yana kimningdir “ortiqcha puli”. Hatto teatr binosi yonidan har kun o‘tib qaytib, biror marta spektakl ko‘rmaganlar ham bor desam ishonavering. Chunki bir tanishim buni go‘yoki maqtangandek aytib bergandi.
Buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teatr bu ibratxonadir”, deb bejiz ta’kidlamagan. Chunki teatr insonlar ongi va qalbiga bevosita kuchli ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega. Bugungi kunda respublikamizdagi barcha teatrlarda tomoshabinlarga saboq bo‘ladigan, estetik zavq va ma’naviy ozuqa beradigan sahna asarlari namoyish etilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida birinchi marta mamlakatimizdagi barcha teatrlarda 21-27 mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi” o‘tkaziladi.
Haftalik doirasida barcha teatrlarda teatr liboslari va dekoratsiyalari, kitoblar ko‘rgazmasi hamda ijodkorlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Darvoqe, 21-27 mart kunlari teatr tomoshalari bepul namoyish etiladi.

 

Xurshid Qodirov, O‘zA