Shavkat Mirziyoyev: Mahsulot koʻp boʻlsa, raqobat boʻladi, raqobat boʻlsa, sifat oshadi, sifati yuqori boʻlsa, eksport samarali boʻladi

Shavkat Mirziyoyev: Mahsulot koʻp boʻlsa, raqobat boʻladi, raqobat boʻlsa, sifat oshadi, sifati yuqori boʻlsa, eksport samarali boʻladi

Prezidentimiz Karmana tumanidagi “Export Fish Product” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda baliqchilik xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish, nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi inkubatsiya sexlar faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliqlarni qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirishga alohida etibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur ishlarni yuksak bosqichda davom ettirishda muhim omil boʻlmoqda.
2018 yilning dekabr oyida amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 37 milliard soʻm boʻlib, shundan 30 milliard soʻm bank krediti, 7 milliard soʻm korxona mablagʻidir. Ayni paytda bu yerda 15 milliard soʻm mablagʻ evaziga usti yopiq suv havzalari, 500 tonna sigʻimga ega muzlatkichli omborxona, shuningdek, aholining munosib hordiq chiqarishi, yaʼni shu yerning oʻzida baliq tutib isteʼmol qilishi uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi va saylgoh qurilgan. Ellikta ish oʻrni yaratilgan.
Maydoni 1,1 gektar boʻlgan korxona toʻliq quvvat bilan ishlagach bir yilda 500 tonna baliq, 100 million dona baliq chavoqlari yetishtiriladi. Kelajakda korxona 800 ta aholi xonadonida ham intensiv usulda baliq boqishni rejalashtirgan. Natijada 900 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadi. Korxona tasarrufidagi 2 ming gektarlik koʻl hamda aholi xonadonlarida yetishtiriladigan jami 3 ming tonna baliq klaster usulida qayta ishlanib, undan baliq uni, moyi, filesi, konservasi, yarim tayyor holatda baliq kotleti va dudlangan baliq tayyorlanadi. 600 tonna tayyor mahsulot eksport qilinadi.
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida mazkur korxona faoliyati bilan ham tanishdi.
– Mahsulot koʻp boʻlsa, raqobat boʻladi, raqobat boʻlsa, sifat oshadi, sifati yuqori boʻlsa, eksport samarali boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari. – Oddiy odamlarni boy qilsak, davlat ham boy boʻladi.
Shu yerning oʻzida viloyatda qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlari boʻyicha agroklasterlar tashkil etish, yaylovlar holatini yaxshilash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
“Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi asosida viloyat uchun 2019 yilda ajratiladigan mablagʻlarning taqsimlanishi, viloyatdagi paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyati, tomorqalardan foydalanish, mamlakatimiz va viloyatdagi yaroqsiz boʻlib qolgan sugʻoriladigan yer maydonlarini qayta oʻzlashtirish, viloyatda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “NAVOIY ISHONCH GILAMLARI” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sunʼiy yomgʻir usulida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish texnologik uskunalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada 50 foiz suv, 80 foiz yoqilgʻi tejaladi. Mineral oʻgʻitlar samaradorligi 30 foizga, hosildorlik ikki barobarga oshadi. Mehnat resurslari sarfi kamayadi. Umumiy qiymati 41 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyihalar amalga oshirilsa 50 kishi ish bilan taʼminlanadi.
b75b43fe-317b-d75a-77fe-6abcda093b73.jpg
Shuningdek, viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Konimex tumanida “Konimex texno oazis” MCHJ tomonidan tuyachilik va yilqichilikni rivojlantirish loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Xorijdan 900 bosh tuya, yilqi, naslli qoʻy olib kelinadi. Ot maktabi tashkil etilishi va chavandozlar tayyorlanishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari baliq yetishtirishga ixtisoslashgan shunday korxonalarni, chorvachilik xoʻjaliklari sonini koʻpaytirish, yer unumdorligini hamda tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

 

Umar Asrorov, OʻzA

  13.03.2019, 07:33  |    60 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!