Shavkat Mirziyoev: mahsulot tannarxini kamaytirish orqali jahon bozoriga chiqish kerak

Prezident Nurota tumanidagi “Marmarobod” korxonasida tog‘ jinslaridan mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbari har doim bozor talablarini o‘rganish, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlaydi. Bu tovarning xaridorgirligi, korxonaning barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Xususan, keyingi yillarda ham ichki, ham tashqi bozorda pardozbop toshlarga talab oshgan. Nurota tumanida bunday toshlarning katta zaxirasi bor.
Prezidentimizning avvalgi tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa muvofiq «Marmarobod» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. 10 milliard so‘m mablag‘ evaziga dashtlikdagi 6 gektar yerda zamonaviy korxona ishga tushirildi. Xorijdan 655,5 million dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Qirq kishi ish bilan ta’minlandi. Bular loyihaning birinchi bosqichi.
photo5204158224582945398.jpg
Ikkinchi bosqichda tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlashni klaster usulida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga yetkazish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish hajmi 250 milliard so‘m, eksport hajmi 10 million dollarga yetishi, bir yarim mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi mumkin bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini ko‘zdan kechirar ekan, ular jahondagi muqobillaridan qolishmasligini ta’kidladi. Samarali texnologiyalarni qo‘llash, transport xarajatlarini arzonlashtirish hisobidan mahsulotlar tannarxini kamaytirish, shu orqali tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Pardozbop toshlarni jahon standartlari asosida chuqur qayta ishlaydigan kadrlar tayyorlash, bunyodkorlik ishlarida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.
Shu yerda Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda marmardan sanoat haykaltaroshligini tashkil etish, Nurota tumani G‘azg‘on shaharchasini Bosh reja asosida rivojlantirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Prezidentimiz mazkur hudud infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish uchun bu yerga temir yo‘l olib kelish taklifini bildirdi.
photo5204001939312978658.jpg
photo5204001939312978659.jpg
photo5204158224582945399.jpg
photo5204158224582945400.jpg

 

O’zA