Qoraqalpogʻistondagi 24 ta tibbiyot obyektida 55 milliard soʻmlikdan ziyod qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi bilan oʻtkazilgan suhbatlarda tibbiyot sohasi, xususan, tez tibbiy yordam koʻrsatish ishlari birmuncha yaxshilangani qayd etildi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Qoraqalpogʻistonda ham soʻnggi yillarda tibbiyot muassasalari uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻtgan yili Qoraqalpogʻistonda Investitsiya dasturi doirasida 24 ta tibbiyot obyektida qariyb 55 milliard 500 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan. Shuningdek, “Obod qishloq” dasturi doirasida 13 tibbiyot muassasasida 4 milliard soʻmlikdan ortiq qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan manzilli roʻyxat asosida 17 tibbiyot muassasasida 4 milliard 600 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shifokorlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 27, 28 fevral va 1 mart kunlari oʻrganish ishlari olib borildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida ana shu oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Oʻrganish chogʻida har bir tumanda aholi xonadonlariga kirilib, surunkali kasallikka chalingan qariyb 2 mingdan ortiq fuqaro va ehtiyojmand oilalar aʼzolari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori vositalari va tibbiy buyumlar taʼminoti yaxshilangani, tibbiyot muassasalari aholiga yaqinlashtirilgani tufayli bir qator ijobiy natijalarga erishilgan.
Oʻtgan yil umumiy qiymati 16 milliard 252 million soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha 250 oʻringa moʻljallangan Muruvvat internat uyining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Nukus shahridagi xirurgiya markazi oʻrnida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nukus filiali tashkil qilindi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpogʻiston filiali tashkil etilib, 20 oʻrinli palliativ boʻlimi ishga tushirildi.
Aholi salomatligini mustahkamlash, kasallanish koʻrsatkichlarini kamaytirish yoʻlida amalga oshirilayotgan choralarga qaramay, umumiy kasallanish koʻrsatkichlari orasida nafas olish, ovqat hazm qilish hamda qon va qon yaratuvchi aʼzolar bilan bogʻliq kasalliklar koʻrsatkichi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tizimda mavjud tibbiy texnika va asbob-uskunalarni yangilash, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan toʻldirish zarurati mavjud.
Oʻrganishlar jarayonida kadrlar taʼminoti va salohiyati masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda hududda tizimdagi tibbiyot muassasalarining kadrlar bilan taʼminoti 90 foizni tashkil qiladi.
Yigʻilishda mutasaddilar tomonidan Respublika ishchi guruhining oʻrganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalasi muhokama qilindi.
Belgilangan chora-tadbirlar dasturida qayd etilgan vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli ijrosi ustidan qatʼiy deputatlik nazorati oʻrnatish boʻyicha kelishib olindi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA