Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

26 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzaro savdo hajmi yuqori surʼat bilan ortmoqda: 2018 yil yakunlariga koʻra tovar ayirboshlash 40 foizga oshdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida investitsiya va innovatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, turizm va boshqa sohalarda yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Turkiya investitsiyalari ishtirokida 655 qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 270 tasi oʻtgan yili tashkil etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda, turizm sohasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Keyingi bir yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan turkiyalik sayyohlar soni 2 barobar koʻpaydi.
Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.
Muloqot soʻngida Prezidentlar Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladilar.

 

OʻzA