Neft-gaz va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindiOʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tahlil qilish, ushbu tarmoqlarni tizimli rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda yoqilgʻi-energetika sohalarini uygʻun rivojlantirish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojini qondirishda muhim omil boʻlmoqda.

Joriy yilgi Investitsiya dasturiga mazkur soha boʻyicha umumiy qiymati 27,8 milliard dollarlik 26 ta loyiha kiritilgan. Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan har kuni shugʻullanish, ularning oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Energetika va Moliya vazirliklariga “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi boʻyicha 2,3 milliard dollarlik xorijiy kreditlarning moliyalashtirish shartlarini belgilash, “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” loyihasi boʻyicha Rossiya “Gazprombank”ining 300 million dollarlik kreditini jalb qilish vazifasi yuklatildi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Shoʻrtanneftgaz va Gazlineftgaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, neft va gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv uskunalarini sotib olish kabi loyihalarga talab etiladigan mablagʻlarni mamlakatimizning yevroobligatsiyalari hisobidan moliyalashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Geologiya-qidiruv ishlari murakkab boʻlgan hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish talab darajasida emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda tizimda toʻplanib qolgan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

dcd5420c-cd8b-c077-842f-4623393126a2.jpg

Tarmoqning eksport salohiyati tahlil qilinar ekan, bu borada faqat gazga bogʻlanib qolmasdan, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash asosida eksport hajmini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

“Oʻzbekneftgaz” va “Oʻzkimyosanoat” rahbariyatiga tabiiy gazdan yuqori qoʻshilgan qiymatli polimer, polistirol, PET, sintetik kauchuk ishlab chiqarish konsepsiyasini tayyorlash, joriy yil may oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan neft-gaz boʻyicha xalqaro konferensiyada chet ellik investorlarga taqdim qilish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, tariflarni bozor tamoyillari asosida qayta koʻrib chiqish, neft bazalar va hududiy gaz taʼminoti xizmatlari, jumladan, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini ishonchli investorlar boshqaruviga berish boʻyicha aniq choralar ham nazarda tutilishi kerakligi qayd etildi.

Yigʻilishda neft-gaz sohasi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan kimyo tarmogʻidagi ishlar ham tahlil qilindi.

Kimyo sanoatini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish maqsadida umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 33 ta loyiha belgilangan boʻlib, joriy yilda 4 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Prezident kimyo sanoati yuqori rentabelli tarmoq ekanini taʼkidlab, 2019-2025 yillarga belgilangan istiqbolli loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Jumladan, Qoʻqon superfosfat, Qoʻngʻirot soda zavodlari boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish, Yangiyer shahrida ammiak va karbamid zavodi barpo etish boʻyicha investorlarni aniqlash vazifasi qoʻyildi. Kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiya qilishni tezlashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish maqsadida sohani xususiy mulkchilik asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

“Oʻzkimyosanoat” rahbariyati bugungi dolzarb masalalardan kelib chiqib, faqat mineral oʻgʻitlar bilan shugʻullanmasdan, sohani koʻp tarmoqli tizimga aylantirish yoʻlida izlanishi kerak. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ularning turini koʻpaytirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlarni belgilashi zarur, dedi davlatimiz rahbari.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

 

OʻzА